Sholikorlar uchun yangi imkoniyat va ragʻbatlar taqdim etiladi

17:30 22 Iyun 2021 Iqtisodiyot
781 0

Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida sholichilik muhim tarmoq hisoblanib, u aholining asosiy oziq-ovqat resurslaridan biri hisoblanadi. Shu bois, hozirgi suv taqchilligi sharoitida sholi yetishtirishda ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash gʻoyat muhimdir.

Sholi doni yer yuzida keng tarqalgan boʻlib, u koʻp isteʼmol qilinadigan qimmatbaho mahsulotlar sirasiga kiradi. Uning yuzlab foydali xususiyatlari orasida inson organizmida boshqa ozuqa moddalariga nisbatan eng yengil hazm boʻlishi, tarkibi vitamin va fosfororganik birikmalarga boyligi jihatdan alohida ajralib turadi.

Mamlakatimizda sholi hozirgacha sugʻoriladigan yerlarda ekilib, iqlim oʻzgarishlari uning hosildorligiga deyarli taʼsir koʻrsatmaydi. Qurgʻoqchilik sharoitlarida ham talab qilinadigan agrotexnologiyalarni oʻz vaqtida qoʻllashga rioya qilinsa, undan yuqori hosil olish mumkinligi amaliyotda oʻz isbotini topgan.

Lekin yurtimizda aholi sonining oʻsishi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida suvga boʻlgan talab tobora ortib bormoqda. Bunday sharoitda qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan samarali va tejamli foydalanish, ayniqsa, ekinlarni sugʻorishda suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 10-iyundagi «Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori bilan sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Mazkur hujjat davlatimiz rahbarining joriy yil 2-fevraldagi tegishli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, u bilan shu yil oxiriga qadar sholi yetishtirish uchun zamonaviy urugʻ seyalkalari hamda koʻchatlab ekish uskunalarini sotib olgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan urugʻ seyalkalari, koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizgacha qismini qoplab berish tartibi belgilanmoqda.

Ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu hujjatga binoan subsidiyalar faqat talabgor tomonidan sotib olingan kundan ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun ajratiladi.Bunda talabgor subsidiya olish uchun tegishli hujjatlarni tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimlariga yozma va elektron shaklda taqdim qiladi.

Tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimlari hujjatlarni 3 kun muddat ichida oʻrganib chiqib, agar hujjatlar talablarga muvofiq boʻlsa, 1 ish kunida Qishloq xoʻjaligi vazirligiga yuboriladi va ular tomonidan tahlil qilinadi. Shundan soʻng tahlillar Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga yuborilib, Jamgʻarma ularni 3 ish kuni ichida oʻrganib chiqadi va natijasiga koʻra subsidiyalar ajratadi.

Sotib olinayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 20 foizgacha boʻlgan miqdordagi subsidiya pul mablagʻlarini talabgorning arizada koʻrsatilgan asosiy bank hisobvaragʻiga oʻtkazish orqali ajratiladi.

Agar subsidiyalar belgilangan vaqtda ajratilmasa, unda talabgor subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilishi mumkin. Jamgʻarma tomonidan ajratilgan subsidiyalardan maqsadli foydalanishni va toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, sholi qadimdan xalqimiz uchun rizq-roʻz, toʻkin-sochinlik ramzi boʻlib kelgan. Mazkur qaror va unda belgilangan vazifalar respublikada sholi yetishtiruvchilarni ragʻbatlantirish bilan bir qatorda, aholini arzon va sifatli qishloq xoʻjaligi mahsuloti bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Aktam HAITOV,
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari
kengashi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер