Sholi yetishtirishda zamonaviy yondashuv zarur
Foto: Халқ сўзи
Bugun qishloq xoʻjaligi sohasida global suv taqchilligi muammosidan kelib chiqqan holda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish davr taqozosiga aylanmoqda. Jumladan, suv koʻp talab qiladigan sholi yetishtirishda tejamkor texnologiyalardan foydalanishga boʻlgan ehtiyoj tobora ortib borayotir. Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida boʻlib oʻtgan tadbir ayni shu mavzuga bagʻishlandi.
— Oʻzbekistonda amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgan loyihamiz mamlakat iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda sholining yangi navlarini parvarishlashga qaratilgan, — deydi tadbirda soʻzga chiqqan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti xalqaro eksperti Manzur Husan Dar. — 4 million AQSH dollariga teng ushbu loyiha orqali suvni tejash, mahsulot sifatiga putur yetkazmaslik va ekinni iqlim sharoitiga moslash mumkin boʻladi. Hozirda dastlabki nazorat ishlari tashkillashtirilgan.
Tadbir davomida taʼkidlanganidek, ushbu loyiha mutaxassislardan yetarli malakani talab etadi. Bu esa kadrlar tayyorlash sifati bilan bogʻliq masala.
— Sholichilikda yangi sahifa ochishi kutilayotgan ushbu pilot loyihani roʻyobga chiqarish uchun Andijon viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikalarida dastlabki ishlar olib borilmoqda, — deydi Sholichilik ilmiy tadqiqot instituti direktori Maʼsudbek Sattorov. — Sholi yetishtirishda zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tadqiq etish jarayonida malakali mutaxassislar tayyorlash chora-tadbirlariga ham eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, respublikamizdagi qishloq xoʻjaligi sohasiga ixtisoslashgan institutlarda tahsil olgan kadrlarni sholichilikda yuqori tajribaga ega Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Filippin kabi davlatlarga qisqa va uzoq muddatli amaliyot jarayonlariga jalb etmoqchimiz.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring