Shohimardonning oq va koʻk suvi sayyohlarni oʻziga tortmoqda
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyatining tabiati maftunkor, purviqor togʻlar bagʻrida joylashgan Shohimardon va Yordon qishloqlari har qanday sayyohni oʻziga mahliyo etadi. Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan hududda turizmni rivojlantirish maqsadida “Shohimardon” turizm direksiyasi tashkil etilgan.
Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida yaqinda qoʻshni Qirgʻiziston bilan chegaradosh hududda joylashgan Shohimardonga kirishdagi “Oq–qiya” bojxona maskani tun-u kun ishlaydigan rejimga oʻtkazildi. Endilikda Shohimardonga dam olgani borayotgani xorijlik va mahalliy sayyohlar ushbu maskan orqali istalgan vaqtda harakatlanish imkoniga ega boʻldi.
Dengiz sathidan 3000 metr balandlikda joylashgan Kuli Qubbon (mahalliy aholi tilida Qurbonkoʻl, Moviy koʻl kabi nomlar bilan ham mashhur) sayohat ishqibozlarining eng sevimli maskanlaridan biri hisoblanadi. Beshpanjatogʻini yonbagʻirlab piyoda yurgach, 1–1,2 km kanat yordamida yoki piyoda tik qoyalar boʻylab yanada yuqoriga koʻtariladi.

— Oloy togʻ tizmasida joylashgan Qubbon koʻli chinakam tabiat moʻjizasi, — deydi Fargʻona shahridan tashrif buyurgan Kamola Polvonova. — Ayniqsa, koʻlning suvi moviy osmon bilan oʻzaro uygʻunlashib, ajib manzara hosil qiladi. Bugungidek issiq kunlarda koʻlning salqin havosi qalbingizga orom baxsh etadi.
Aytish joiz, togʻlar orasida joylashgan ushbu koʻl suvi juda sovuq boʻlganligi uchun unda biron bir oʻsimlik oʻsmaydi, hayvonot olami vakili yashamaydi. Qubbon koʻlidan qayiqlar yordamida yanada yuqoriroq borilsa, koʻz oʻngingizda yana bir kichik koʻl va daryo namoyon boʻladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring