Shohimardon va Yordon mahallalarida qish mavsumida elektr taʼminotida uzilishlar boʻlmaydi

01:00 05 Noyabr 2023 Jamiyat
258 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona viloyatining eksklav hududi hisoblanuvchi Fargʻona tumanining “Shohimardon” hamda “Yordon” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 1500 ga yaqin elektr energiyasi isteʼmolchilari mavjud. Ularning 1200 dan ortigʻi aholi xonadonlari boʻlsa, qolgani tadbirkorlik subyektlaridir.

Ayni paytda hududdagi isteʼmolchilar 62 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari hamda 52 dona turli quvvatdagi transformator punktlari orqali elektr energiyasi bilan taʼminlanadi.

“Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan tasdiqlangan rejaga koʻra, ikki mahallada keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Natijada past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda transformator punktlarini joriy va mukammal taʼmirlash shlari sifatli bajarildi.

Bu borada Fargʻona tumani elektr taʼminoti korxonasi tomonidan har ikki mahallaga xizmat koʻrsatuvchi alohida tezkor chiqish brigadasi tashkil etilgan boʻlib, u maxsus avtotransport hamda zarur himoya vositalari bilan taʼminlangan.

Oʻtgan davrda brigada tomonidan elektr uzatish tarmoqlarida salqi simlarni taranglash, nosoz holga kelgan tayanchlarni tiklash, yaroqsiz izolyatorlarni yangisiga almashtirish, elektr qurilmalarida boʻyoqlash, moy sathini meʼyor holatga keltirish va taʼmirlash ishlari olib borildi. Shu tariqa belgilangan ishlar toʻliq yakuniga yetkazildi va tarmoq mavsumga shay holatga keltirildi.

— Har bir yoʻnalish boʻyicha belgilangan yumushlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishda barcha sharoitlar yaratib berilgani muhim omil boʻldi, — deydi Fargʻona tumani elektr taʼminoti korxonasi huzuridagi tezkor chiqish brigadasi ustasi Anvarjon Umarov. — Ayni yoʻnalishda olib borilgan ishlar masʼuliyatli qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda uzilishlarning oldini olishga hamda isteʼmolchilarni sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер