Shofirkonda 3 640 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan taʼminlanadi

15:15 10 Mart 2026 Jamiyat
241 0

Buxoro viloyati Shofirkon tumanida aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash azal – azaldan ogʻriqli masala boʻlib kelgan. Eʼtiborlisi, bu muammo bosqichma – bosqich oʻz yechimini topmoqda.

Gap shundaki, tumanda qiymati 9 milliard soʻm boʻlgan yirik loyiha amalga oshirilayapti. Chunonchi, tumandagi “Paxtaobod” mahallasi hududida quvurlar tortilib, ichimlik suv inshooti barpo etilmoqda.Loyihada koʻzda tutilgan yumushlar bajarilgach, tumandagi toʻrtta mahallada istiqomat qiluvchi 3640 ta xonadon avtoulovlarda tashib keltiriladigan suvni sotib olish tashvishidan xalos boʻladi.

-Mazkur xayrli yumush davlatimiz rahbarining “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora – tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq bajarilmoqda,- deydi “Tezguzar” mahalla mahalla fuqarolar yigʻini raisi Sayfulla Hasanov.- Rejaga muvofiq, mahallamizda ham 33 kilometr uzunlikda suv quvurlari tortilayapti. Pirovardida hududimizdagi 7 ta qishloqda yashovchi mingdan ziyod xonadon markazlashtirilgan ichimlik suvidan bahramand etiladi. Bu aholi turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladi, albatta.

Davlat rahbarining nomi yuqorida eslatilgan qaroriga koʻra, loyiha doirasida mamlakatimizdagi jami 170 ta mahallada qishloq aholi punktlarining meʼmoriy qiyofasini yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish koʻzda tutilgan.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер