“Shodiyona”da yana bir shodiyona...
Foto: "Xalq so'zi"
Avval xabar berganimizdek, “Turkiston” sanʼat saroyida Oliy Majlis Senati tomonidan tashkil etilgan “Mahalla — besh tashabbus beshigi” respublika koʻrik-tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Fargʻona shahridagi “Shodiyona” mahalla fuqarolar yigʻini respublika bosqichida faxrli birinchi oʻringa sazovor boʻlib, taqdirlash marosimida Senat raisi Tanzila Narbayeva tomonidan MFYga Prezident sovgʻasi — “Damas” avtomobili va IT yoʻnalishi oʻquv kursi uchun sertifikat (15 kishilik) topshirildi.
— Prezidentimizning mahallamizga kutilmagan tashrifi aholini koʻp yillar mobaynida qiynab kelayotgan muhim hayotiy masalalarga yechim topish imkoniyatini yaratdi, — deydi “Shodiyona” MFY raisi Zohidjon Xudoyberdiyev. — “Shodiyona” Fargʻona shahrining markazida joylashgan. Mahallaning bugungi husnu malohati havas qilsa arziydigan darajada muhtasham qiyofa kasb etgan. Bu yerda istiqomat qiluvchi 6700 nafardan ortiq mahalla ahli ushbu yangilanish va oʻzgarishlar tashabbuskori boʻlgan davlatimiz rahbaridan cheksiz minnatdor.
Maʼlumki, 2020-yilning 4-5-iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida davlatimiz rahbari Fargʻona shahrida joylashgan “Shodiyona” MFY aholisi bilan suhbatlashgan edi. Mahalladagi ayanchli manzaralar keskin tanqid qilingandi. Shundan soʻng “Shodiyona” MFYning bosh rejasi ishlab chiqilib, mahalla guzari va binosi qurib bitkazildi. Zamonaviy loyiha asosida “Yoshlar mehnat guzari”, xizmat koʻrsatish va servis shoxobchalari barpo etildi. Mahalladagi 16 ta koʻp qavatli uylar mukammal taʼmirlanib, 5 ta bolalar maydonchasi barpo etildi. 17 ta koʻchada yashovchi 1780 ta xonadon egalari maroqli hordiq chiqarishi uchun dam olish maskani tashkil etilib, manzarali daraxtlar, mavsumiy gullar ekildi. Kommunikatsiya tarmoqlari yangilanib, ichki yoʻllar asfaltlandi, tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi, optik aloqa tarmogʻi tortildi.
“Ishga marhamat” monomarkazi, bir oylik “Tadbirkorlik asoslari” oʻquv kursi tashkil etilib, 26 ta kasb-hunar, 5 ta xorijiy tilni oʻrgatish yoʻlga qoʻyildi. Oʻtgan vaqt mobaynida “Temir daftar”ga kiritilgan 108 nafar, “Ayollar daftari”dagi 44 nafar, “Yoshlar daftari”dagi 20 nafar shodiyonaliklar kafolatli ish bilan taʼminlanib, roʻyxatdan chiqarildi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring