Shirin shahrida Alisher Navoiy haykali ochildi

21:23 04 Mart 2022 Jamiyat
2105 0

Foto: Халқ сўзи

Bugun Shirin shahridagi Bunyodkor mahallasida oʻzbek xalqining buyuk bobokaloni, davlat arbobi va mutafakkir Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi Sirojiddin Sayyid , sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari, taʼlim sohasi vakillari, ijodkorlar, oʻquvchi yoshlar ishtirok etdilar.

— Soʻz mulkining sultoni, buyuk shoir, davlat va jamoat arbobi Mir Alisher Navoiy asarlari, ijodi, mazmunli hayoti nafaqat xalqimizga, balki, butun dunyoga ibrat boʻlib qolaveradi, — dedi hokim Gʻofurjon Mirzayev. — Mutafakkir bobomizning haykali ayni shu yerga oʻrnatilishida ham ramz bor. Yaʼni navqiron Shirin shahri hamda hududdagi Farhod GESining nomlari shoirning mashhur “Farhod va Shirin” dostoniga hamohang boʻlib, endi bularning barchasi bir joyda oʻz ifodasini topdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq shahar markazida oʻrnatilgan mazkur yodgorlikka tutash hududda Energetiklar muzeyi, Vatanparvar maydoni, Yoshlar xiyoboni joylashgan. Bu yerda, shuningdek, ikkita ixcham kutubxona ham qurib bitkazilgan. Kutubxonalarda mingdan ziyod kitoblar jamlanmasi mavjud.

Yodgorlikning ikki yon tomoniga 3×2 metr oʻlchamdagi ikkita monitor oʻrnatilgan. Ularda Navoiy hayoti va ijodiga oid tarixiy maʼlumotlar, videofilmlar namoyish qilib boriladi.

Bugungi kunda Shirin shahrida jami 4 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 1 ta bolalar-musiqa va sanʼat hamda 1 ta bolalar-oʻsmirlar sport maktabi faoliyat yuritib kelmoqda. Yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida turli xil fan, amaliy hamda sport toʻgaraklari yoʻlga qoʻyilgan. Yaratilgan sharoitlar, berilgan keng imkoniyatlar natijasida shaharlik koʻplab yosh sportchilar nufuzli musobaqalarda faxrli oʻrinlarni egallamoqda, oʻquvchi yoshlar esa fan olimpiadalarida munosib ishtirok etmoqda.

Tadbir asnosida Prezidentimiz raisligida joriy yilning 28-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash hamda umumtaʼlim maktablarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida shahridagi mavjud taʼlim muassasalariga 2 ming dona kitoblar jamlanmasi, besh turdagi 80 ta musiqiy asboblar hamda uch turdagi 100 dan ortiq sport jihozlari va anjomlari topshirildi.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер