Shifokorlar uchun bepul teatr tomoshalari o'tkazilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Joriy yilning 18-mart kuni davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqoti chogʻida soha fidoyilari uchun madaniy tadbirlar, jumladan, konsert va teatr tomoshalarini bepul namoyish etish taklifi oʻrtaga tashlangan edi. Ayni taklifni mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatlagan holda Namangan viloyat musiqali drama teatri sogʻliqni saqlash tizimi xodimlari uchun “Aziz” deb nomlangan spektaklni taqdim etdi.
Dramaturg Nurillo Abbos qalamiga mansub, rejissyor Shuhrat Abdullayev tomonidan sahnalashtirilgan ushbu asar bevosita oilalarda sogʻlom turmushni qaror toptirish mavzusiga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatli. Teatrning Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlari Karimaxon Rasulova, Alijon Tojiboyev, Azizaxon Karimova, shuningdek, “Shuhrat” medali sohibasi Dilfuzaxon Qobilova tomonidan ijro etilgan asosiy rollar ajoyib talqini bilan tomoshabinlarga manzur boʻldi.
— Spektakl tomoshasiga kelgan 200 nafardan ortiq vrach va hamshiralar ajoyib taassurot bilan qaytdilar. Bu singari madaniy tadbirlar faoliyati jiddiy masʼuliyat talab qiladigan kasb egalariga kayfiyat bagʻishlab, ularda kuch-gʻayratni oshiradi, albatta, — deydi Namangan viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Abdulla Gʻoziyev.
Maʼlumot uchun, ushbu teatr ijodiy jamoasi viloyatning barcha tumanlarida tibbiyot xodimlariga yuksak badiiy sahna asarlarini taqdim etishni rejalashtirgan.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring