SHHT Xalq diplomatiyasi markazining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2017 yil Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi sammitida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev SHHT xalq diplomatiyasi markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirgan edi.
Prezidentimizning joriy yil 26 iyundagi “O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining doimiy faoliyat yurituvchi Xalq diplomatiyasi markazi ta’sischilarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda markazning muvofiqlashtiruvchi Kengashiga a’zo respublikamizdagi qator vazirlik va idoralar rahbar xodimlari ishtirok etdi.
Qo‘mita raisi R. Qurbonov yig‘ilganlarni ushbu muhim voqea bilan qutlab, markaz faoliyati haqida ma’lumot berdi.
Markazning asosiy maqsadi davlatlararo o‘zaro qo‘shnichilik va ishonchli hamkorlik, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, SHHTga a’zo davlatlarning hozirgi zamon taraqqiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shishdan iboratdir.
Markaz ta’sischilari etib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, Madaniyat, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Jismoniy tarbiya va sport, Moliya vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi va O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tayinlandi.
Yig‘ilish kun tartibida Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazini ta’sis etish, uning Nizomini tasdiqlash va boshqa tashkiliy masalalar ko‘rildi.
Markaz direktori lavozimiga ta’sischilar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator R. Nazarov nomzodi bir ovozdan tasdiqladi.
So‘zga chiqqanlar Xalq diplomatiyasi markazining tashkil etilishi nafaqat mintaqada, balki jahonda millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etishdi.
Yig‘ilish yakuni bo‘yicha maxsus qaror qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring