Toshkent viloyatida oqova suvlarni yigʻish va tozalash inshooti quriladi

16:36 27 Aprel 2023 Siyosat
382 0

Poytaxt hokimligida “Abu Dhabi Sewerage Services Company” mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov mehmonlarni samimiy kutib olib, ADSS poytaxt infratuzilmasini rivojlantirish va shahar ravnaqiga hissa qo‘shishga tayyorligidan xursand ekanligini aytdi. Birgalikdagi loyiha muvaffaqiyatli, samarali va tez amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.

ADSS kompaniyasining sotuvlar bo‘yicha ijrochi direktori Abdulvahob al-Sharif hokimlik mas'ullariga Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanining "Surum" MFY hududida barpo etilishi rejalashtirilgan Oqava suvlarni yig‘ish va tozalash inshootining dastlabki loyihasini taqdim etib, uni takomiliga yetkazish uchun ba'zi texnik va tashkiliy-huquqiy masalalarni birgalikda hal etish lozimligiga e'tibor qaratdi.

Ma'lum qilinishicha, 2 bosqichli loyiha sutkasiga 1, 5 mln metr kub chiqindilarni to‘plash hamda tozalash imkonini beradi. E'tiborli jihati, “O‘zsuvta'minot” AJ bilan birgalikda amalga oshiriladigan bu loyiha faqatgina tozalash inshootini qurishni emas, balki hozirda mavjud tozalash inshootlariga yo‘naltirilgan barcha markaziy quvurlarni integratsiya va modernizatsiya qilishni nazarda tutadi. Bu bo‘yicha ham namunaviy, kamchiqim va amalga oshirilishi qisqa vaqt talab etadigan takliflar tayyorlangan. Loyiha mukammal bo‘lishi uchun topografik s'yomka, shahar aholisining o‘sish prognozi kabi qator ma'lumotlar kerak. Rejaga ko‘ra, 2024-yilning yanvaridan inshoot qurilishi boshlanadi.

Shavkat Umurzoqov hamkorlarni qiziqtirgan savollarga tegishli tashkilotlar mas'ullari tomonidan qisqa muddatda zarur ma'lumotlar yetkazib berilishini bildirdi. O‘z navbatida, bu loyiha Toshkent shahri uchun nihoyatda dolzarb ekanligiga e'tibor qaratib, uni imkon darajada tez muddatda, sifatli amalga oshirish muhimligini ta'kidladi. Yangi Toshkent ham shu tizimga ulanishini bildirib, undagi ob'ektlar foydalanishga topshirilguniga qadar infratuzilma tayyor bo‘lishi muhimligini aytib o‘tdi.

Tomonlar loyihani takomillashtirish yuzasidan atroflicha fikr almashdilar va amaliy muloqotlar davom etishini bildirdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер