Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti munosabati bilan shu kunlarda qadimiy va navqiron kentda madaniyat haftaligi ham oʻtkazilmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Jumladan, shahardagi Universitet xiyobonida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida “SHHTga nigoh” madaniy-maʼrifiy dasturlari tashkil etildi.

Mazkur festivalni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – Samarqand ahli va mehmonlarining SHHT qanday tuzilma ekanligi, unga aʼzo mamlakatlar xalqlarining oʻziga xos madaniyati, anʼanalari toʻgʻrisidagi tasavvur va tushunchalarini boyitish, sanʼat va madaniyat barcha millat va elatlarni birlashtiruvchi qudratli kuch ekanligini namoyish etishdan iborat.

Buning uchun xiyobondagi sakkiz joyda mamlakatimizdagi rus, tojik, qirgʻiz, qozoq, xitoy milliy madaniy markazlari, Hindiston elchixonasi qoshidagi hind madaniyat markazi, yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan pokistonlik talabalar tomonidan koʻrgazma va madaniy dasturlar namoyish etilmoqda. Shuningdek, milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi oʻtkazilmoqda. Folklor va xalq etnografik jamoalarining badiiy chiqishlari uyushtirildi. Xiyobondagi ikkita katta sahnada tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar xalqlarining milliy kuy-qoʻshiq va raqslari ijro etilyapti.

Madaniy tadbirlar davomida Samarqand viloyatidagi teatr jamoalari tomonidan turli sahna koʻrinishlari, teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish qilinmoqda.
— Dunyo xalqlari oʻrtasidagi madaniy va doʻstlik aloqalarni mustahkamlash, milliy anʼana va qadriyatlarni asrab-avaylash Shanxay hamkorlik tashkilotining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi, — deydi Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari – turizm va madaniy meros boshqarmasi boshligʻi R.Qobilov. — Bugun dunyo nigohida boʻlib turgan shahrimizda madaniyat haftaligi oʻtkazishimizning boisi ham shunda. Maqsad — sammitga kelgan mehmonlar va shahrimiz aholisiga boy milliy madaniyatimiz, yurtimizda yashayotgan turli millat va elatlarning milliy anʼana va qadriyatlarini hunarmandchiligi namunalari bilan yaqindan tanishish uchun imkoniyat yaratishdir.
Ayni paytda Samarqanddagi istirohat bogʻlari, teatr va madaniyat saroylari, savdo-koʻngilochar maskanlarda ham konsert va madaniy dasturlar namoyish etilmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring