Shaxslar mamlakati
Foto: Xalq so‘zi
Insoniyat paydo boʻlibdiki, Yer yuzida birda madaniy, birda oshkora yovuzlik niqobini kiygan gʻoyalar kurashi bir zum ham tinim bilgani yoʻq. Dono siyosatchilar, faylasuflar mazkur iborani boshqacha ohangda – “aqllar jangi” sifatida ifodalaydilar. Hozirgi kunda esa sayyoramizda inson ongi va tafakkuri uchun kurash yanada avj olgani ayni haqiqatdir.
Bugungi kunning turfa jarayonlarini tiyrak aql bilan kuzatib turganlar ayrim yoshlarda milliy mentalitetimizga zid baʼzi illatlar ochiqchasiga koʻrinayotganini, kasallik viruslari kabi sharoitga moslashuvchan boʻlib borayotganini anglab turibdi. Demak, endilikda bu kabi illatlarga qarshi kurashish usullarini ham ana shu mezon asosida har kuni yangilab, takomillashtirib borishga katta ehtiyoj bor.
Fikr – bola, bola esa oʻsuvchan
Bugun navqiron avlod tarbiyasida shunchaki “Bu – yaxshi, bu – yomon” degan jaydari falsafa bilan koʻzlangan maqsadga erishish qiyin. Shu bois yoshlarni oʻzimizga doʻst tutish uchun ularning orzu-maqsadlarini eshitish, dardiga quloq tutish, ichki olamiga kirib borish kerak. Maqsadga erishish uchun yigit-qizlarning orzu-armonlari bilan birga yashash, illatlarga qarshi kurashuvchi immunitetni shakllantirish zarur. Aks holda Xudoyberdi Toʻxtaboyevning qahramoni – Hoshimjon singari sehrli qalpoqchaga ega boʻlib, hamma narsaga bir kunda erishishni istovchilar koʻpayadi. Servantesning Don Kixoti kabi xayoliy sarob ortidan ergashuvchi yoshlar safi kengayadi.
Yaqinda tayyor mahsulotni bir bozordan olib, ikkinchisida pullaydigan ishbilarmon yigit unga xorijning qoʻrqinchli kinolari juda yoqishini maqtanib qoldi. U kino qahramonlari bir-birini vahshiylarcha oʻldirishini shunaqangi rohat, maroq bilan gapirdiki... Uning oʻta sayoz, bachkana dunyoqarashidan yo kulishni, yo yigʻlashni bilmaysan kishi.
Qizining oʻqishga tor shim kiyib borishini bir ota shunday ifodalaydi: “Agar qizim zamonaviy boʻlib kiyinib yurmasa, yigitlar u bilan gaplashmay qoʻyarmish...”
— Bugun bizga oila tizginini qoʻlida mahkam ushlab turadigan otalar kerak! — deydi bir hamkasbimiz ogʻir xoʻrsinib.
Katta davrada oʻtirgan koʻp yillik oʻqituvchining fikri barchani oʻylantirib qoʻydi.
— Jamiyatimizda yoshlar tarbiyasi, maʼnaviyati bilan bogʻliq muammolarning urchishiga koʻp hollarda biz, kattalar ota-onalar aybdor! — dedi u.
Shu oʻrinda ulugʻ maʼrifatparvar jadid Abdulla Avloniyning “Tarbiyani kimlar qilur?” degan kinoyamuz, ogʻriqli savoli esga tushadi.
Tafakkur yoʻlidan bormoq oson emas
Fargʻonalik aka-uka uzoq yillardan buyon navbati bilan Janubiy Koreyaga borib ishlab kelishadi. Yaqinda ularning kichigi bilan suhbatlashib qoldim. U navbatdagi safarga tayyorgarlik koʻrayotgan ekan.
— Bu safar ishlab kelsam, kenja oʻgʻlimga poytaxtdan eng zoʻr hofizni olib kelib, odamlarning esidan chiqmaydigan toʻy qilaman, — dedi u maqtanib. — Mana, koʻrasiz, aroq deganlari suv boʻlib oqadi...
Ancha payt koʻrishmaganimiz uchun men bu yigit dunyo koʻrib fikrlash tarzi, dunyoqarashi oʻzgargan boʻlsa kerak, degan fikrda yurardim. Besh daqiqa gaplashish asnosida undan xafsalam pir boʻldi.
— Koreyada texnologiya yaxshi rivojlangan. Birorta zamonaviy texnologiya olib kelib, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish niyatingiz yoʻqmi? — deyman unga sinchkov tikilib.
U miyigʻida kuldi.
— Kompyuter-mompyuter deb boshimni qotirib nima qilaman. Men har qanday ogʻir mehnatdan qochmayman, pul toʻlashsa boʻlgani...
Donishmand ajdodlarimiz taʼbiricha, fikrsizlik – boshi berk koʻcha, tafakkur yoʻli abadiy hayot yoʻlidir. Ammo tafakkur erkinligiga erishish, inson ongiga baʼzan zoʻrlik, gohida beozor usullar orqali singdirilayotgan turli aqidalar, illatlar, fikriy qaramlik domiga tushib qolmaslik murakkab jarayon. Shuning uchun ham qadimgi yunon faylasufi Fales “Dunyodagi eng qiyin narsa nima?” degan savolga “Oʻzni anglash” deya javob bergani bejiz emas edi.
Bizga bitiruvchilar emas, shaxslar kerak!
Keng dunyoqarash, zamonaviy bilim va tafakkurga ega boʻlmagan yoshlarsiz mamlakat kelajagini tasavvur etish qiyin. Shu maʼnoda, bugun bizga maktab taʼlimi, oila tarbiyasini olgan shaxslar kerak. Uchinchi Renessans sari dadil qadam tashlashda bu hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shu yilning 15-iyun kuni davlatimiz rahbari raisligida videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda bu boradagi mavjud holat ochiq-oshkora, tahlil va tanqid ruhida muhokama qilindi. Umumtaʼlim, kasb-hunar taʼlimi maktabi bitiruvchilarini hayotga har tomonlama munosib tayyorlash, oʻrta boʻgʻinda raqobatbardosh mutaxassislar tarbiyalashga yangicha yondashuv boʻyicha dolzarb savollar oʻrtaga tashlandi.
Gap shu haqida borar ekan, Fargʻona viloyati tumanlaridan birida yashovchi mushtipar onaning iztirobi yodga tushadi. Xullas, onaizor turmush oʻrtogʻi bilan oʻzaro kelishgan holda oʻgʻildagi qobiliyatni koʻrib, bolaligidan musiqa toʻgaragiga berishadi. Qobiliyatli bolakay bir emas, bir necha musiqa asboblarini chalishni oʻrgangach, bundan quvongan ota farzandiga barcha musiqa asboblarini olib beradi, keyinchalik sanʼat sohasiga ixtisoslashgan kollejda oʻqitadi. Ammo oʻqishdan soʻng qishloqda oʻziga ish topa olmagan yigit ikki yilda hammasidan koʻngli sovib, ishlash uchun xorijga ketadi.
— Uyimiz mehmonxonasi devorlarida osigʻliq turadigan cholgʻu asboblarini koʻrganimda yuragim eziladi,-deydi haligi onaizor. — Hozirda oʻgʻlim chet elda qurilish sohasida ishlayapti. Ammo biz uning yaxshi sanʼatkor boʻlishini orzu qilgan edik, lekin sharoit yoʻqligi tufayli u sanʼat yoʻlidan keta olmadi.
Xoʻsh, joriy yilda mamlakatimizda 680 ming yigit-qizlarning bandligini taʼminlash masalasi koʻndalang turibdi. Davlat dasturlari, hayotbaxsh islohotlar jarayonida yaratilayotgan yangi ish oʻrinlari yoshlarning orzu-havaslarini roʻyobga chiqarish uchun yetarlimikan?! Yana yuzlab, minglab yuqoridagi kabi isteʼdodli yoshlar ish izlab xorijga ketmaydimi? Xassos yozuvchimiz aytganidek, isteʼdodini oʻtin yorishga sarflamaydimi?!
Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, shu kunlarda yurtimizning barcha shahar-tumanlarida hokimlar va sektor rahbarlari ishtirokida bitiruvchi yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotlar boʻlib oʻtmoqda. Bunday uchrashuvlar davomli boʻlib, aniq reja, amaliy takliflar yangi avlodning qiziqishlariga mos tushsa, ezgu tashabbusdan koʻzlangan maqsadga erishish mumkin.
Fikr dunyoni boshqaradi
Ayni paytda biz yashayotgan algʻov-dalgʻovli bu dunyoni kuch emas, fikr boshqarmoqda. Oʻz davrida “Yapon ruhiyati- gʻarb texnologiyasi” degan qoida kunchiqar yurt taraqqiyoti yoʻlini belgilab olishda muhim omil boʻlgan edi. Bu tajribani “Global fikrla, lokal harakat qil” tamoyiliga asoslangan holda takomillashtirgan qitʼamizning Singapur, Tayvan, Janubiy Koreya singari davlatlari maʼnaviy oʻzlik, milliy qadriyatlardan uzoqlashmay turib ham yuksak taraqqiyotga erishish mumkinligini isbotladi.
Teran mushohadali va hayotiy kuzatishlari asosida turfa voqeliklar, dunyoda kechayotgan iqtisodiy-siyosiy talotoʻplarga oʻz munosabatini bildira oladigan hamyurtlarimiz fikrimizni tasdiqlaydi. Ertani sevinib kutish, yorugʻ kelajakdan umid qilish uchun unga bugun mustahkam poydevor qoʻyish zarur.
Baxtli va farovon hayotning birinchi mezoni yuksak bilim va tafakkur boʻlsa, ikkinchisi kasb-hunardir!
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring