“Shaxsiy avtomashinangiz bor, shaxsiy kutubxona-chi?”
Foto: Xalq so'zi
Buxoro tumanidagi “Novmetan” mahalla fuqarolar yig‘ini uchun maktabgacha ta’lim tashkilotidagi bo‘sh xona bir muddat boshpana vazifasini o‘tadi. Hozir esa u ichki ishlar organlarining 136- sonli tayanch punktida joylashgan. Qizig‘i, bu yer boshqa mahalla hududi sanaladi.
Yig‘in raisi Elyor Hasanov e’tirof etganidek, bu hol mahalla fuqarolariga noqulayliklar tug‘dirmoqda. Azim Buxoro shahridan nari borsa 6-7 kilometr uzoqlikda joylashgan mahallaning hanuzgacha o‘z binosi yo‘qligi g‘alati, albatta.
Sirasini aytganda, bizni mahalla fuqarolar yig‘inida chog‘roq bo‘lsa – da kutubxona bor – yo‘qligi qiziqtirayotgandi. Ammo boshpanasi bo‘lmagan yig‘in mas’ullaridan bunday maskan haqida so‘rashning o‘zi noqulay.
“Novmetan”ga qarashli Qumrabod qishlog‘ida 300 ta xonadon bor. 1800 aholi istiqomat qiladi. Mahalla raisining aytishicha, aholining o‘n foizi xorijiy davlatlarga ishlagani ketgan. Oilalarning 50-60 foizida avtomashina mavjud. Jo‘rayevlar xonadoni shularning biri. Hovli oldida gijinglagan toyday zamonaviy yengil avtomashina turibdi. Oila shinamgina hovlida yashaydi.
- Institutda sirtdan tahsil olayapman,- deydi shu xonadon a’zosi Otabek Jo‘rayev. – Ukalarim maktabda o‘qishadi. Ro‘zg‘orimiz but, o‘zimizga tinchmiz.
- Shaxsiy uy – joy, avtomashinalaringiz bor, shaxsiy kutubxonalaringiz – chi?,- so‘raymiz undan. -Loaqal, 20 -30 ta ilmiy – nazariy yoki badiiy adabiyotlaringiz bordir.
Yigitcha jimgina yer chizadi.
Shu mahallada yashovchi Maxsud aka Rossiyaga tez - tez ishlagani boradi. Hozir ikki farzandi olis yurtda mehnat muhojiri. Tomorqasini gulday yashnatib qo‘ygan, garajida shaxsiy avtomashinasi bor, mehnatkashligi shundoq ko‘rinib turgan bu insonga ham shaxsiy kutubxona haqida so‘z ochgandik xijolat tortib qoldi.
Oz emas, ko‘p emas 430 nafar maktab yoshidagi o‘g‘il – qiz bor hududda yoshlar ta’lim – tarbiyasida muhim o‘rin tutadigan kitobxonlik, gazetxonlik, jurnalxonlik targ‘iboti yo‘q hisobi. Millionlab pul sarflab avtomashina sotib olgan ayrim xonadon egalari o‘z farzandlari, nevaralarida kitob o‘qishga rag‘bat uyg‘otishmayotgani, nari borsa, 300 – 400 ming so‘m mablag‘ xarj qilib moʻjazgina shaxsiy kutubxona tashkil etishmagani afsuslanarli, albatta.
Taassufki, bu kabi holatni nafaqat “Navmetan”, balki boshqa ko‘plab qishloqlarda ham ko‘rish mumkin. Odamlar, xususan, yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarga ipsiz bog‘lanib qolishdi. ”O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti” singari ommabop gazeta – jurnallarni qishloqdagi xonadonlardan topish amrimahol. Rasmiy nashrlarni-ku aytmay qo‘ya qolaylik.
- Yaqinda qo‘shnimiz uyini yosh bir oilaga ijaraga berdi, - deydi tibbiyot muassasasida ishlab nafaqaga chiqqan Gulsara xola. - Surishtirsam, er – xotin farzandim tenggi ekan. “Biz sirdaryolikmiz, turmush o‘rtog‘imning ishi yuzasidan Buxoroga ko‘chib keldik”, dedi ayoli. ”Halima Xudoyberdiyevaning yurtidan ekansizlar – da”, dedim beixtiyor. Shunda “ Halima Xudoyberdiyeva deganingiz kim u?” desa bo‘ladimi?!.
- Hozirgi aksariyat yoshlarimiz shohona hayotni qo‘msashadi, bekamu ko‘st yashashni xoxlashadi, taraqqiy etgan ayrim mamlakatlardagi turmush tarzidan andaza olishga urinishadi, - deydi buxorolik keksa pedagog Hakim Rajabov. -Lekin rivojlangan davlatlarda bunday hayotga ilmu ma’rifat vositasida erishilayotganini, kitob - ilmli, bilimli bo‘lmoq kaliti sanalishini, ularda oilaviy kitobxonlik allaqachon an’anaga aylanib ulgurganini o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Axir, xalqimizda “Qush inida ko‘rganini qiladi”, degan gap bor. Bugun navqiron yoshda bo‘lgan yigit – qizlarimiz ertaga mustaqil hayotga qadam qo‘yishadi. Turmush qurishadi. Bola – chaqali bo‘lishadi. Farzand esa ota- onadan ko‘p narsani o‘rganadi. Binobarin, ota – onalar kitobxonlik borasida bolalariga ibrat, namuna bo‘lmoqlari zarur. Afsuski, bu mas’uliyatni aksariyat oilalar his etishmayapti.
Bir umr maktabda yoshlarga saboq bergan muallim yana bir jihatga e’tiborni qaratdi.
- Yaqinda televideniye orqali g‘arb davlatlaridan birida kitob savdo -ko‘rgazmasi o‘tkazilgani haqida lavha efirga uzatildi,- deydi u. -Tadbirda yetti yoshdan yetmish yashargacha odam to‘plangan. Unda bolalar, o‘smirlar va yoshi kattalarga mo‘ljallangan rang - barang kitoblar namoyish etilyapti. Sotuvchilarning qo‘li qo‘liga tegmayapti. Kitob savdosi avjida. Qizig‘i, ko‘rgazmaga kirish pullik ekan. Buyog‘iga nima deysiz.
Sirasini aytganda, mamlakatimizda ham kitobxonlik targ‘ibotiga juda katta e’tibor qaratilyapti. Ko‘rik –tanlovlar o‘tkazilmoqda. Gʻoliblarga hatto avtomashina sovg‘a qilinyapti. Ayrim ota – onalar bu bejizga emasligini anglab yetmog‘i darkor.
Shu o‘rinda miloddan avval yashab o‘tgan buyuk faylasuf, Rim fuqarolari orasida birinchi bo‘lib “Yurt otasi” unvoni sohibiga aylangan Siseronning “Kitobsiz uy - jonsiz tana” degan so‘zlarini yodga olmoqchimiz. Yana bir faylasuf, yozuvchi Deni Didro esa “Odamlar kitob o‘qishdan to‘xtasalar fikrlashdan to‘xtaydilar”, degan edi.
Gap ma’naviy so‘qirlikdan himoyalanish haqida ketayotganini angladingiz, albatta.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring