Shayxlarning Anor ayasi
Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi Shayxlar qishlogʻini koʻpchilik yaxshi biladi desak, mubolagʻa boʻlmas. Bu yerdagi masjid-maktab tasavvuf olamining yirik vakillaridan boʻlgan Soʻfi Olloyor nomi bilan ataladi. Masjid hovlisida shayxning ramziy qabri boʻlib, bu yer ziyoratgohga aylantirilgan.
“Yolgʻiz qiz” nomini olgan, 89 bahorni qarshilagan Anor aya Maxamovaning aytishicha, bu qishloqda uning onasidek sumalak qiladigan, kuyov choponu nimchalar tikadigan, koʻrpa-toʻshaklar qaviydigan ayol boʻlmagan. Qudrat ona sumalak qilsa, doim qozon boshida doira chalib, lapar aytganda ayollar oʻyinga tusharkan. Irodali, sabr-qanoatli bu ayolga qishloqning mana-man degan erkagi ham hurmat bilan qaragan.

Qudrat onaning xat-savodi boʻlmasa-da, Qurʼoni karimdan xabardor, nomozni kanda qilmaydigan, mehnatda toblangan, oʻz haq-huquqini biladigan ayol boʻlgan. 1932-yilda qizamiq tarqalib, u bir yoʻla oʻn besh farzandini qabristonga qoʻygan. Birgina bu dunyon shafqatsizligidan butkul bexabar Anor ayagina omon qolgan. Qudrat ona va Shodi ota Anor qizini avaylab-asrab voyaga yetkazgan. Shodi ota savdogarchilik bilan shugʻullangan. Afsuski, u farzandlari dogʻiga chiday olmay, qizi toʻqqiz yoshga yetganida vafot etadi. Qudrat ona bor mehrini yakkayu yolgʻiz farzandiga beradi, unga halol mehnat qilishni oʻrgatadi. Himmat degan yigitni ichkuyov qilib, qizini unga beradi. Birin-ketin Qudrat ona yettita nevarali boʻlibdi. Sakson yoshdan oshganida vafot etadi. Bugun Anor ayaning farzandlari yoniga ikki kelini, toʻrt kuyovi, yigirmata nevarasi, oʻn beshta evarasi qoʻshilgan.
Anor aya turmush oʻrtogʻi vafot etganida endigina 39 yoshda boʻlgan. Bir etak bola bilan qolib ketadi. Tong saharda turgan ayol bolalari uyqudan uygʻongunicha sigir sogʻib, mollarga oʻt oʻrib kelgan. Apil-tapil nonushta qilgach, bolalariga nima yumush qilish lozimligini uqtirib, yelkasiga katta ketmonni qoʻygancha dalaga oshiqqan. Tushlikda uyiga qaytgan ayol ovqatlanib boʻlgach, darhol xamir qoriydi. Keyin yana dalaga boradi va kechqurun ishdan qaytgach, koʻpchigan xamirdan zuvala yasab, tandirga oʻt yoqqan. Bolalar tandir atrofida “Mening kulcham qachon pishadi?” deya uymalanarkan. Anor ayani shu holida polaponlariga rizq topib keltirayotgan jonsarak qushga oʻxshatsa boʻlar, balki.
U xuddi katta korxonaning rahbaridek doim qop-qora kastyumda, qishda boʻlsa, kastyumining tagidan yashil duxoba nimcha kiyib yurgan. Yettita bolaga ham ota, ham ona boʻlgan. Farzandlariga doim “Yaxshi oʻqinglar, kelajakda bitta stol egasi boʻl! Oʻqiyman desang, barcha sharoitingni yaratib beraman. Dangasalik qilmanglar!” deya oʻqtirarkan. Erinmasdan har hafta maktabga borib, bolalarining sinf rahbarlaridan oʻqishini, xulqini surishtiradi. Ota-onalar yigʻilishiga doim birinchilardan boʻlib borgan. Anor aya hattoki qoʻni-qoʻshnilarni ham qoʻyarda-qoʻymay yigʻilishga sudragan.
Aya uyga kelgach, farzandlaridan nima sababdan maktabdagi tadbirlarda sheʼr yoki qoʻshiq aytmaganini soʻrab, tanbeh beradi. Ulardan tadbirlarda faol qatnashishini talab qilgan. Maktabdagi bayramlarda farzandlarining quvonchiga sherik boʻladi. Bolalar faxriy yorliq yoki tashakkurnoma olib kelsa, ona uni qoʻni-qoʻshnilarga maqtab charchamagan.
Yolgʻiz onasanʼatni sevgani uchun farzandlari Inobat va Oygulni 21-bolalar musiqa va sanʼat maktabida oʻqitadi. Inobat hozir Samarqand shahar 6-bolalar musiqa va sanʼat maktabida dutor yoʻnalishi oʻqituvchisi, yuzlab shogirdlar ustozi. Oygul jurnalist, Pirmamat fotograf, Muqaddam lobarant, Saidmurod organ xodimi boʻlgan, Nozbuvi tarbiyachi, rahmatli Dilmurod esa tadbirkor edi.
Anor aya qishloqda yashasada televizorlarda koʻrgan sport inshootlarini orzu qiladi. Nevarasi Elvirani olti yoshidanoq sportning karate turiga, Nargizani esa badiiy gimnastikaga olib borgan. Aslanbekka esa shaxmat-shashkani oʻrganishi uchun sharoit yaratib bergan. Ularning toʻgaraklariga pulni pensiyasidan berib borgan. Elvira Saidmurod qizi respublikada oʻtkazilgan karate musobaqasining gʻolibasi, Nargiza Saidmurod qizi esa badiiy gimnastika boʻyicha viloyat sovrindori.
Kenjabek nevarasi esa Toshkentdagi Respublika sanʼat litseyini hamda Respublika rassomlik kollejini tugatgan. 2010-yilda “Yangi avlod” tanlovida laureat boʻlgan. 2011-yilda rasmlar koʻrgazmasini tashkil etgan. “Biz odam savdosiga qarshimiz” rasmlar koʻrik-tanlovida birinchi oʻrinni egallab, sertifikat va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlangan.
Anor aya erinmasdan qishloqdagi barcha ayollarga, qizlarga pazandalik sirlarini oʻrgatadi. Pomidor, bodring, qalampir, bulgʻor qalampiri, oshqovoq va gullarning urugʻini quritib, alohida boʻzdan tikkan qopchalarga solib saqlaydi. Bahorda shu urugʻlarni farzandlariga, qoʻni-qoʻshnilariga tarqatib, qanday ekishni oʻrgatadi. Oʻgʻli Pirmamat fevral oyida pomidor urugʻlarini maxsus idishlarga ekib, bahorda qishloqdoshlariga tarqatadi. Munavvar kelinini chizmakash deyishadi. U ham qaynonasidan qolishmay milliy kashta va yostiqqa gullarni naqshlaydi, Albina kelini esa qizlarga salat va pishiriq tayyorlashni oʻrgatadi. Aya esa ularni doim nazorat qilib boradi.
Mahallada boʻladigan bayramlara aya tomoshalar uyushtirishni ham qoyil qiladi. Ayollarni yigʻib, folklor ansambli ham tuzgan. Bu ansaml xalq qoʻshiq va laparlarini ijro etib, tilga tushgan.
Qishloqdagilar toʻy yoki boshqa biron tadbir qilmoqchi boʻlsa, darhol ayanikiga kelib, “Momo, bormasangiz boʻlmaydi. Kayvonimiz siz, oʻrgatib turing”, deya olib ketadi. Mahallada biror-bir oilada kelishmovchilik yuz bersa ham ayani chaqirishadi. U esa darhol bu kelishmovchiliklarni bartaraf qiladi.
Anor aya doim “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” degan soʻzni barchaga taʼkidlaydi.
Ayaning qizi Oygul bir voqeani shunday eslaydi. Opamnikida fotiha toʻyi boʻlayotgandi. Qaynonasi “Qudalarga yaxshi mato qoʻying. Kelganlarni quruq qaytarmang”, deb qoldi. Toʻrda oʻtirgan ayamning jahli chiqib: “Latta-puttalar qoʻyishni kim chiqargan?” deya savol berdi.
Hech kim churq etib ogʻiz ochmadi. Shunda ayam “Qudalar ham matolarni oladi-da, u yoqqa borvolib, yoʻq yerdagi gʻiybatlarni qiladi” dedi.
Hanifa opa boʻlsa, “Bu urf-odatimiz-ku. Elchilik. Qilmasa uyat boʻladi” dedi. Shunday ayam “Ortiqcha dahmazaning kimga keragi bor? Keyingi gal toʻy-hashamlarda boshqacha yoʻl tutamiz. Keyingi yigʻinlarga xuddi erkaklar singari pul olib boramiz. Togʻora, mato qilmaysizlar. Latta-puttalarni yaqin olgan qarindoshlari qilaversin. Toʻy qiladigan odam daftar tutib, kim necha soʻm berganini yozib qoʻyadi. Bu ham qarz. Ertaga boshqalar ham shunga qarab qaytaradi. Yigʻin qilayotgan inson qaysi vaqtga aytsa, oʻsha paytga borishga harakat qiling. Toʻy oʻtgandan soʻng ham qator-qator kirib kelishni bas qiling! Bechorani har kuni bezovta qilmang. Borolmay qolgan boʻlsangiz, yana bir yaxshi kunida oʻtasiz. Biz bergan pul uning biror kamu koʻstiga yarab qoladi”, degan tashabbus bilan chiqdi.
Oradan bir hafta oʻtgach, Gulsara kelinning toʻyiga borib, qizining qoʻliga ruchka daftar tutdirib, ayollarning pullarini yozdirtirdi. Shundan soʻng bu odatga aylandi. Qoʻshni qishloqdagi ayollar ham tezda oʻrnak olishdi. Bu voqeaga ham 40 yildan oshdi. Qishloqda yangicha, zamonaviy urf-odatlarga amal qilish hamon davom etyapti.
Bir kuni qoʻshnimiz Nasvali xola “Qizim arazlab kelganiga bir hafta boʻldi. Quda tomon birortasi olib ketishga kelmadi. Ikki yoshni yarashtirib qoʻying”, deya ayaning yoniga keldi.
“Qizingiz kelgan zahoti ortiga qaytarib yubormadingizmi? Hamma ayb oʻzingizda. Sal qattiqqoʻl boʻlishni oʻrganing!” deya aya qizni kuyovnikiga qoʻyib keladi.
Bunday voqealar uning hayotida koʻplab boʻlgan. “Men xotin-qizlar raisi boʻlsam, bironta oila ajrashmaydi”, deydi kayvoni onaxon. Qishloqdagilar 89 yoshga kirgan kayvoni onaxonga xursandchiligini yoki gʻam-tashvishlarini aytib, maslahatlar oladi. Oramizda shunday el-yurtga foydasi tegayotgan kayvonilarimiz bor boʻlsin!
Xonbibi HIMMAT qizi,
jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring