Shaharda ham dehqonchilik qilish mumkin
Kogon shahar “Umid” koʻchasida yashovchi Baxtiyor Mamatqulov roʻzgʻoriga qoʻshimcha daromad topish haqida oʻylarkan, hovlisidagi bir parcha yerga koʻzi tushdi.Yozda ozroq hosil olishlarini aytmasa, bu yer kuz, qish boʻyi “bekor” yotadi. Mabodo, issiqxona barpo etsa-chi? Unda moʻmaygina daromad qilish mumkin. Faqat mehnatdan qochilmasa, bas.
Xuddi shu fikr uni shahar hokimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon shahar Xalq qabulxonasi bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan ommaviy sayyor qabulga olib keldi. U subsidiya asosida kichik bir issiqxona qurishda yordam soʻradi. Murojaat shahar aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan oʻrganildi. Baxtiyor Mamatqulovga yordam qoʻli choʻzildi. Hayal oʻtmay deyarli qarovsiz yotgan ekin yerida bir sotixli issiqxona boʻy rostladi. Baxtiyor akaning mahalladoshi Rajab Hamidovga ham xuddi shunday koʻmak berildi.
Hozirgi kunda ikkala fuqaro moʻjaz issiqxonada bodring, pomidor yetishtirib, qoʻshimcha daromad topish saʼy – harakatida.
— Shuningdek, “Amir Temur” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtgan ommaviy sayyor qabulda Toshmasjid koʻchasi 11-uyda yashovchi Roziya Oʻrinova ham oʻzining halol mehnati ortidan kunlik daromadga ega boʻlish maqsadida subsidiya asosida zamonaviy issiqxona qurib berishni soʻrab murojaat qildi,- deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon shahridagi Xalq qabulxonasi mudiri Sharif Aminov. — “Temir daftar”ga kiritilgan bu fuqaroning murojaati shahar aholi bandligiga koʻmaklash markazi tomonidan oʻrganilib yaqinda ijobiy hal etildi.
Yuqoridagi misollar koʻrsatyaptiki, shaharda ham dehqonchilik qilib, roʻzgʻor kamu koʻstini toʻldirish mumkin.Faqat kishida ozgina ishtiyoq, havas, intilish boʻlsa, bas.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring