Sessiyada kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi
Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini “yashil energiya” resurslari bilan barqaror ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Navoiy shahar hokimi D.Ergashev hamda hokimning birinchi o‘rinbosari O‘.Haqberdiyevning hisobotlari eshitildi.
Hisobotlarda shaharda ko‘p qavatli uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida 78 ta ko‘p qavatli uylarda ta’mirlash ishlari amalga oshirilgani, 34 ta ko‘p qavatli uy-joyning 46 ming kv.m tom qismi, 37 tasining yerto‘la qismidagi muhandislik tarmoqlari, 11 tasining esa fasad qismi ta’mirlangani haqida axborot berildi.
Bundan tashqari, aholi va ulgurji iste’molchilarni uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash maqsadida 3 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga 15,8 km elektr tarmog‘i tortilgan. Shuningdek, elektr uzatish tarmog‘i tayanchlari yangisiga almashtirilib, aholining elektr energiyaga bo‘lgan talabi kundan-kunga ortib borayotgani inobatga olingan holda, yangi transformatorlar o‘rnatilgan.
Sessiyada deputatlar ijtimoiy soha obyektlari va boshqa toifadagi iste’molchilarga zarur miqdorlarda energetika resurslarini yetkazib berish bo‘yicha muntazam ravishda “mahallabay” tizimida o‘rganishlar olib borish lozimligini qayd etdilar.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini “yashil energiya” resurslari bilan barqaror ta’minlash masalasiga shaharda ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Xususan, ijtimoiy soha va davlat tashkilotlariga 2 940 kVt kichik quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 4 776 kVt o‘rnatilgan va reja 163 foizga bajarilgan. Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar hamda aholi xonadonlariga quyosh panellarini o‘rnatish ishlari ham olib borilmoqda.
Sessiyada mahalliy kengash deputatlari muhokama etilgan masalalar yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirdi. Xususan, Xalq deputatlari Navoiy shahar kengashi deputati Bekzod Ulug‘nazarov qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish imkoniyatlarini yaratish, elektr yo‘qotishlarini kamaytirish, “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga mahalliy budjet parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatilishini ta’minlash, ma’muriy-maishiy bino va inshootlarda, shu jumladan aholi massivlari va xonadonlarida muqobil energiya manbalarini qo‘llash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimlini qayd etdi.
Muhokamalarga boy bo‘lgan yig‘ilishda deputatlar tomonidan berilgan savollarga tegishli rahbarlarning javoblari eshitildi.
Sessiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov hamda quyi palataning bir qator deputatlari ishtirok etdi.
Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Shu kuni Navoiy shahar Kengashi deputatlari, mahalliy partiya tashkilotlari faollari ishtirokida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini, faolligi va tashabbuskorligini oshirish, bunda ular faoliyatiga yaqindan ko‘maklashish, partiya guruhlari faoliyatini yanada jonlashtirish, doimiy komissiyalar ishini takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar ham o‘tkazildi.
Unda Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqi, unda ilgari surilgan tashabbuslar, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, mahalliy Kengashlar faoliyatini yanada kuchaytirish, ularning ishini samarali tashkil etish hamda natijadorligini ta’minlash, saylovchilar bilan muloqotni yanada mustahkamlash, deputatlarning amaliy ko‘nikma va malakalarini oshirib borish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring