Serqirra ijodkorning koʻngil tovushlari

11:33 28 Mart 2026 Madaniyat
493 0

Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida taniqli jurnalist, mohir publitsist va isteʼdodli shoira Nurxon Elmirzayevaning “Koʻngil tovushlari” sheʼriy toʻplamining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

500 ga yaqin sheʼrlarni oʻz ichiga jamlagan ushbu salmoqli nashr Vatan sogʻinchi, ota-onaning shaxs barkamolligidagi oʻrni, fasllar ranglari, musofir iztiroblari, diydorlik saodati, ustozlar izzati, mehr-oqibat kabi har bir uygʻoq qalbli insonni qiynaydigan abadiy tuygʻularni teran ifodalaydi.

Har bir sheʼri muallifning olam uzra tuganmas hayratlari, oʻtinchi, tazarrusi, vijdon ovozi va cheksiz sogʻinchlarining, betakror ona tabiatning goʻzal niliy tasvirlari, oʻz-oʻzini, ichki qalb dunyosini, ruhiy evrilishlarni toʻxtovsiz tadqiq etayotgan ayolning yuksak tafakkur xulosalaridir.

Taqdimotda ishtirok etgan olim va yozuvchilar, ijodkorlar kitobning ahamiyati va badiiy qiymati, yutuq va kamchiliklari xususida oʻzlarining ilmiy va badiiy fikr-mulohazalarini ifoda etishdi.

— Sheʼriyat, bu – qalbning qudratli tili, ozod ruhning baralla ovozidir. U tasavvurlardan emas, qalbda qaynab, soʻng toshgan tuygʻulardan tugʻiladi. Nurxonning sheʼrlarini oʻqir ekansiz, qorongʻi kulbangizni ohista yoritib tonggi quyosh nuri koʻnglingizni ilitib kelayotgandek tuyuladi, — dedi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Hafiza Egamberdiyeva. — Bu nur qotmoqqa shaylangan koʻngilni asta yumshatib, bekinmoq istagan goʻzal tuygʻularni tashqariga haydaydi.

Nurxon Elmirzayevaning sheʼrlari qozoq, qoraqalpoq, ozarbayjon, turk va rus tillariga tarjima qilingan.

“Qanot” loyihasi doirasida “Yangi kitob” nashriyoti tomonidan chop etilgan mazkur toʻplam ijodkorning ilk kitobi ekani bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер