Senatorlar “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etmoqda

16:27 14 Noyabr 2023 Jamiyat
310 0

Bugun dunyo miqyosida ekologik muammolarni bartaraf etish, kelajakda yuz berishi mumkin boʻlgan iqlim bilan bogʻliq muammolarning oldini olish maqsadida koʻplab loyihalar ishlab chiqilmoqda hamda amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Maʼlumki, soʻnggi vaqtlarda turli mintaqalarda tez-tez kuzatilayotgan kuchli yogʻingarchiliklar, yer silkinishlari, oʻrmon yongʻinlari, toʻfonlar, qurgʻoqchilik va suv toshqinlarining hammasiga iqlim oʻzgarishi va antropogen taʼsirlar sabab boʻlmoqda.

Ana shunday turli xavf-xatarlar va muammolarning oldini olish maqsadida 2021-yil 2-fevral kuni Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasida ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.

Shuningdek, mazkur yigʻilishda mamlakat miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi eʼlon qilinib, har yili 200 mln tup daraxt koʻchatlarini ekish ishlari amalga oshirilmoqda.

Oliy Majlis Senati aʼzolari ham ushbu loyihada faol ishtirok etmoqda.

Jumladan, bugun 14-noyabr kuni Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar, Oʻzbekiston ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti, “Ekoklub” aʼzolari Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti professor-oʻqituvchilari, talaba yoshlar bilan uchrashib, “Yashil makon” umummilliy loyihasidan koʻzlangan maqsad, uning kelajak uchun qanchalar muhim ekanligiga toʻxtaldilar.

Tadbirda Senatning Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi raisi Bahodir Tajiyev, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbitdin Burxonov, Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Ravshanbek Alimov, Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi raisi Erkin Gadoyev hamda boshqa senatorlar ishtirok etib, loyiha mazmunini batafsil tushuntirildi.

Shundan soʻng senatorlar, universitet hududida tashkil etilayotgan bogʻga professor-oʻqituvchilar, talabalar ishtirokida daraxt koʻchatlarini oʻtkazdi.

Xuddi shunday “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi Ulugʻbek Fayziyev ham kuzgi koʻchat ekish ishlarida faol ishtirok etmoqda.

Kuni kecha senator boshchiligida Karmana tumanida joylashgan hududlarga turli mevali va manzarali koʻchatlar ekish tadbiri tashkil etildi.

Respublikaning boshqa hududlarida ham senatorlar ushbu loyihada faol ishtirok etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер