Senatorlar tomonidan davlat dasturi doirasida qurilayotgan ijtimoiy soha obyektlari oʻrganilmoqda
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hamda Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-yanvardagi “2022 – 2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi ustidan prokuror nazorati holati Toshkent viloyatida oʻrganilmoqda.
Mazkur tadbir doirasida senatorlar joriy yilning 24-oktabr kuni Chirchiq shahridagi “Iftixor” MFY hududida yangi qurilayotgan 250 qatnovli oilaviy poliklinikaga tashrif buyurib, obyektda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari holati bilan tanishdi.
Oʻrganishda obyektda qurilish ishlari rejadan orqada qolayotganligi, shuningdek, qurilishga jalb etilgan ishchilar soni kamligi maʼlum boʻldi.
Senatorlar tomonidan masʼullarga qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun obyekt qurilishiga qoʻshimcha ishchi kuchini jalb etish, eng muhimi obyektni sifatli va oʻz vaqtida qurish boʻyicha tegishli topshiriqlar va tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, “Shodlik” MFY hududidagi 300 qatnovli yangi oilaviy poliklinika amalga oshirilgan qurilish ishlari sifati bilan tanishilib, ayrim kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shundan soʻng Chirchiq shahridagi “Xumo” MFY hududida joylashgan 16-sonli umumtaʼlim maktabida amalga oshirilayotgan qayta taʼmirlash ishlari koʻzdan kechirildi.
Maʼlum boʻlishicha, maktabda qurilish ishlari rejaga koʻra joriy yilning avgust oyida tugallanishi kerak edi, masʼul tashkilotlarning yetarlicha nazorat oʻrnatmaganligi oqibatida qurilish ishlari hamon davom etmoqda.
Bu kabi holatlar shahardagi “Adolat” MFY hududida joylashgan 21-sonli umumtaʼlim maktabida ham qayd etildi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan senatorlar tomonidan qurilishga masʼul boʻlgan shaxslarning izohlari tinglandi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda obyektlarni sifatli va belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish kerakligi qayd etildi hamda prokuratura organlari tomonidan alohida nazorat olib borilishi belgilandi.
Senatorlarning parlament nazorati doirasida oʻtkazayotgan oʻrganish ishlari viloyatning boshqa hududlarida ham davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring