Ишчи гуруҳ томонидан ҳудудда ўрганиш ишлари давом эттирилмоқда.

11:04 31 Iyul 2023 Jamiyat
504 0

Ayni kunlarda Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B.Alixonov boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpogʻiston Respublikasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish borasidagi ishlar holatini oʻrganmoqda.

Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha 2023-yilda elektr energiyasiga talab 2 mlrd 100,0 mln kVt soatni tashkil etib, birinchi yarim yillikda 969,4 mln kVt soat elektr energiyasi resurs sifatida qabul qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi «2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida joriy yilda 214,4 mln kVt soat elektr energiyasini tejash rejalashtirilgan boʻlib, kutilayotgan isteʼmol 1  mlrd 986,4 mln kVt soatni tashkil etmoqda.

Ishchi guruh tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-apreldagi qarori doirasida ijtimoiy soha obyektlari boʻyicha 2023-yilda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarni imzolash borasida amalga oshirilgan ishlar holati oʻrganildi.

Joriy yilda mahalliy isitish tizimlarini koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish maqsadida 1554 ta ijtimoiy soha obyekti xatlovdan oʻtkazilib, 666 ta obyekt boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan. 657 ta obyekt  xulosa olish uchun ekspertizaga taqdim qilinib, 557 ta obyektga ekspertiza xulosalari olingan. 2023-yilda Taxiatosh va Nukus tumanlarida 110 ta obyektning mahalliy isitish tizimlarini koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish rejalashtirilgan.  

Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ishlar rejali tashkil etilgan.

Oʻrganishlar doirasida elektr tarmoqlari va qurilmalarini, gaz taʼminoti, issiqlik taʼminoti, ichimlik suvi taʼminoti obyektlari va qurilmalarini mavsumga tayyorlash, aholiga, ayniqsa olis aholi punktlariga suyultirilgan gaz va koʻmir yetkazib berish, zaxirasini yaratish borasidagi ishlar ham tahlil qilindi.

Ishchi guruh Nukus shahridagi yuqori kuchlanishli markaziy nimstansiya hamda yordamchi nimstansiyada qishga tayyorgarlik ishlari bilan tanishib, ishlarni tezlashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

 Kegeyli tumanida eski nimstansiyani yangisiga almashtirish boʻyicha ishlar koʻzdan kechirildi. Yangi nimstansiyani ishga tushirish va uning quvvatini oshirish natijasida 200 ta xoʻjalikning elektr taʼminotini yaxshilash koʻzda tutilgan.

 Shuningdek, masʼullar ishtirokida yigʻilish oʻtkazilib, kuz-qish mavsumiga tayyorlik ishlarini jadallashtirish boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi.

 Ishchi guruh tomonidan hududda oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер