Senator vazirning javobidan qoniqmadi
Senatning yigirma toʻrtinchi yalpi majlisida Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Farrux Saidahmedov Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimovga savol bilan murojaat qildi:
- Xabaringiz bor, 2018-yilda “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida” Qonun qabul qilindi. Qonunga binoan, Bandlik vazirligi koʻpchilik shaxslarga shu yoʻnalishda faoliyat yuritish uchun litsenziyalar berdi. Qisqa vaqt ichida bu agentliklar ayniqsa, yoshlarimizni aldab, rivojlangan chet davlatlarga ishlash uchun yuboramiz, deb aldadi. Yuzlab, minglab yoshlarimizning milliardlab pulini olib, bu pullar bugungi kunda yoʻq boʻlib ketdi. Toʻgʻri, jinoiy ish qoʻzgʻatildi, kimlardir aybdor deb topildi. Lekin qonunlarimiz shu pullarni toʻlagan fuqarolarni qanday himoya qila oladi?
Savolim shundan iboratki, Vazirlar Mahkamasida Oʻzbekistonning chetda ishlayotgan fuqarolarini gʻamini yeb, qanday tadbirlar yoʻlga qoʻyilgan. Yaxshi ish topish maqsadida, kimlardandir qarz olib pul toʻlagan fuqarolarning huquqlarini kim himoya qiladi? Nega ularni himoya qilish mexanizmi ishlab chiqilmagan? Nega bu ishlarni orqasidan kimlardir milliard milliard pullarni yeb ketadi? Ularni koʻz yoshiga kim javob beradi?
Bu birinchi savolim. Ikkinchi savolim: shu pullar bankka tushirilgan. Qanaqa qilib banklar 500, 600 millionlab pullarni yoʻq qilib yuborishdi. Bunga ularning qanday asoslari bor?
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov:
- Toʻgʻri, gapingizda jon bor. Ayni paytda 4 ta xususiy bandlik agentligining faoliyatida shu kabi noqonuniy faoliyat yuritilgani aniqlandi. Bir qancha fuqarolar bilan xizmat koʻrsatish haqidagi shartnoma qoʻpol buzilgan. Bunga javoban vazirligimiz tomonidan mavjud qonunchilikka asosan qoʻshimcha chora tadbirlar ishlab chiqildi. Ayni paytda Qonunchilik palatasida shu yuzasidan yangi qonun loyihasi kiritilgan.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Farrux Saidahmedov:
- Bu javob meni umuman qoniqtirmadi. Bu faqat javobni olib qochish boʻldi. Qonunda bu yuzasidan maʼmuriy va jinoiy javobgarlik xususida soʻz bor. Gap shundaki, nimaga qonun chiqqandan keyin himoya mexanizmi ishlab chiqilmagan? Bu arzimagan narsa, aslida. Bankka pul topshirib qoʻyib, odamlar milliardlab pullarni yoʻqotmasligi kerak. Nimaga shu paytga qalar buning aniq mexanizmi ishlab chiqilmagan?
Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov:
- Toʻgʻri, juda jiddiy masalani koʻtardingiz. Bu masalada qonun qabul qilinganidan keyin, odamlarning manfaatlarini himoya qilish mexanizmi ishlab chiqilmagan. Bu eskitdan juda ogʻir soha. Bu borada ish olib boramiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring