Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish muhokama qilindi

13:31 03 Fevral 2022 Siyosat
914 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, turizm yoʻnalishini milliy iqtisodiyotning drayver sohalaridan biriga aylantirish maqsad qilib olingan. Bunda foydalanilmagan keng imkoniyatlar, tabiiy sharoit, tarixiy va madaniy obidalar mavjud. Tarixiy madaniy obidalarimiz nafaqat moddiy meros sifatida, balki xalqimizning maʼnaviy boyligi sifatida ham ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan ham moddiy madaniy meros obyektlari muhofazasini kuchaytirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Muhokama davomida, Senat tomonidan Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida olib borilgan oʻrganishlar mobaynida moddiy madaniy meros obyektlariga juda katta miqdorda zarar yetkazish holatlari aniqlanganligi, davlat muhofazasiga olingan ayrim arxeologik obyektlar yoʻq boʻlib ketganligini ham taʼkidlandi.

Ayrim hollarda Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga madaniy meros obyektlarida amalga oshirilayotgan ishlar restavratsiya qilish talablariga zid ravishda olib borilib, ularning tarixiy va badiiy qimmatiga koʻp miqdorda zarar yetkazilmoqda.

Jumladan, Sitorai Mohi Xossa tarixiy majmuasida olib borilgan restavratsiya ishlari ahvoli oʻrganilganida majmuada restavratsiya ishlari notoʻgʻri olib borilgani oqibatida uning badiiy bezaklari, naqshlari, koshinlari nobud qilinib, tarixiy va badiiy qiymatiga jami 28 mlrd soʻmlik zarar yetkazilgani aniqlangan.

Mazkur holat bu turdagi huquqbuzarliklarni fosh etish va oldini olish boʻyicha maxsus bilim va tajriba, shuningdek zamonaviy yondashuv talab etilishini, tergov jarayonlari malakali tergovchilar tomonidan olib borilishi lozimligini koʻrsatmoqda.

Mavjud muammolarning qonuniy yechimini belgilash maqsadida “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ishlab chiqilgan.

Qonun bilan moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, bunday toifadagi obyektlarga juda koʻp miqdorda zarar yetkazganlikni ifodalovchi qilmishlarni ogʻir jinoyatlar toifasiga oʻtkazish, Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma va taqdimnomalarini belgilangan muddatda va toʻliq bajarilmaganligi yuzasidan javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер