Senatda talabalar bilan uchrashuv

19:17 08 Aprel 2026 Siyosat
437 0

Joriy yilning 6-aprel kuni Oliy Majlis Senatida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining 1-kurs talabalari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Tadbir talabalarning siyosiy-huquqiy savodxonligini oshirish, davlat boshqaruvi tizimi hamda parlament faoliyatiga oid amaliy bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuv davomida talabalar senatorlar, jumladan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi aʼzolari hamda Senat devoni xodimlari bilan ochiq muloqot qildi.

Tadbirda mazkur qoʻmitada doimiy asosda ishlovchi senator Zumrad Bekatova soʻzga chiqib, davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro maydonda mamlakat manfaatlarini ilgari surishga qaratilgan siyosat, shuningdek erishilayotgan ijobiy natijalar xususida atroflicha maʼlumot berdi.

Shu bilan birga, senator talabalar, yoshlar va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar haqida toʻxtalib, bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar ahamiyatini alohida taʼkidladi.

Muloqot davomida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, davlat boshqaruvi va parlament faoliyatiga oid fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun Senat binosi boʻylab tanishuv sayohati tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?