Senatda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

23:18 27 Mart 2026 Siyosat
410 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Tashqi ishlar va birlashish qoʻmitasi raisi Kim Sok Ki bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi munosabatlar ishonch, oʻzaro hurmat va strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanib borayotganini taʼkidlandi. Oliy darajadagi muloqotlar doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi ijobiy baholandi.

Parlamentlararo hamkorlikning soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarilgani qayd etildi. Xususan, Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yigʻilishi samarali oʻtgani taʼkidlandi. Ushbu format dolzarb masalalarni muhokama qilish va ularga birgalikda yechim topish uchun samarali platforma ekani qayd etildi.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini faollashtirish, oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, tegishli qoʻmitalar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, qonunchilik sohasida tajriba almashish, jumladan “yashil” iqtisodiyot, sunʼiy intellektni joriy etish va kambagʻallikni qisqartirish kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiya, shuningdek, turizm, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?