Senatda Bagʻrikenglik va tinchlik boʻyicha global kengash raisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev 20-oktyabr kuni Bagʻrikenglik va tinchlik boʻyicha global kengash prezidenti Ahmad bin Muhammad Al-Jarvon bilan muloqot oʻtkazdi.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joiz, Bagʻrikenglik va tinchlik boʻyicha global kengash 2017-yil 2-noyabrda Maltada tashkil etilgan. Kengashni tashkil etishdan maqsad tinchlik va bagʻrikenglik madaniyatini yuksaltirish, kamsitish, diniy murosasizlik, millatchilik kabi illatlarga qarshi kurashish, tinchlikka erishish uchun bagʻrikenglik tamoyillarini mustahkamlash maqsadida huquqiy meʼyorlarni takomillashtirishdan iborat. Kengash bu borada BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik qiladi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi hamkorlikning yuqori oʻsish surʼatlari alohida taʼkidlanib, bunda davlatlarimiz rahbarlari oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlar hal qiluvchi oʻrin tutayotgani qayd etildi.
A.Al-Jarvon bagʻrikenglik va tinchlikni mustahkamlash gʻoyalarini ilgari surish maqsadida asosan milliy parlamentlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgan oʻzi rahbarlik qilayotgan xalqaro nodavlat tashkilot haqida maʼlumot berdi.
Mamlakatimizdagi boy madaniy-tarixiy meros va koʻp asrlik bagʻrikenglik anʼanalari, shuningdek, respublikada barcha sohalarda roʻy berayotgan oʻzgarishlar Bagʻrikenglik va tinchlik boʻyicha global kengashning Oʻzbekiston bilan hamkorligini mustahkamlashda muhim omil boʻlayotgani taʼkidlandi.
— Biz Oʻzbekiston hozirda Markaziy Osiyodagi barcha jarayonlarda yetakchi rol oʻynashini ham yaxshi bilamiz. Aynan Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi tashqi siyosati ishonch inqirozini yengib oʻtish imkonini berdi va bugungi kunda Oʻzbekiston rahbarining gʻoya va tashabbuslari atrofida mintaqa uchun umumiy yondashuvlar qurilmoqda, bu esa tashkilotimizning maqsadlarga xamohangdir — deya, taʼkidladi A.Al-Jarvon.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Bagʻrikenglik va tinchlik boʻyicha global kengash oʻrtasidagi hamkorlikni amaliy jihatdan kengaytirishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring