Senat raisi Tanzila Norboyeva Qoʻqon universiteti talabalari bilan uchrashdi
Shu kunlarda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Fargʻona viloyati shahar-tumanlarida bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi. Tashrif davomida parlament yuqori palatasi raisi ishtirokida Fargʻona va Qoʻqon shaharlarida ham maroqli uchrashuvlar tashkil etildi.
Xususan, Tanzila Norboyeva Qoʻqon universitetida boʻlib, bu yerda talabalarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi hamda yigit-qizlar bilan yuzma-yuz suhbatlashdi.
Samimiy muloqotda Senat raisi yoshlarga doir davlat siyosati samaradorligini taʼminlash, yoshlarning muammolarini samarali hal qilish maqsadida mutlaqo yangicha tizimda ish olib borilayotganini taʼkidladi. Bu borada yangi tahrirdagi Konstitutsiya xotin-qizlar hamda yoshlar masalasiga oid yangiliklar bilan boyitilgani, buning samarasi sifatida kelgusida ayni jabhada hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar koʻlami yanada kengayishini eʼtirof etdi.
Oʻz navbatida talaba-yoshlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan normalar mazmun-mohiyati haqida oʻz fikrlarini bildirib, hukumat va yoshlar oʻrtasida oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtaydigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga universitetlardan ham vakil saylash taklifini ilgari surishdi. Ezgu tashabbus Senat raisi tomonidan maʼqullandi.
— Qoʻqon universitetidek yangi, zamonaviy universitetlar boʻlishi barchamizning eng ezgu orzu-maqsadimiz edi, — dedi T. Norboyeva. — Chunki yaqin yillargacha yurtimizda oliy taʼlim muassasalari soni kamligi bois maktab bitiruvchilarining OTMga qamrov darajasi juda kam boʻlgan. Endilikda joylarda shunday zamonaviy taʼlim berishga ixtisoslashgan, yoshlarni qiziqtirgan barcha yoʻnalishlarga ega universitetlarning faoliyat boshlashi juda katta imkoniyatdir.
Davra suhbati yakunida mamlakatimizni rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi, xalqimiz farovon hayotining kelajakdagi mustahkam huquqiy asosi hisoblangan yangilayotgan Konstitutsiya boʻyicha referendumda faol ishtirok etish barchamiz uchun gʻurur va iftixor ramzi ekanligi aytib oʻtildi. Shu bois Qoʻqon universiteti talabalari bir ovozdan “Konstitutsiya oʻzimizniki, biz befarq emasmiz!”, deya referendumda faol qatnashishlarini bildirdilar.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring