Senat Raisi startap faoliyati bilan shugʻullanayotgan yoshlar bilan uchrashdi
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva startap loyihalari bilan shugʻullanayotgan faol tashabbuskor yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Samimiy va ochiq muloqot tarzida kechgan uchrashuvda mamlakatimizda startap ekotizimini rivojlantirish, yoshlarning innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash hamda ularni amaliy jihatdan roʻyobga chiqarish masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, joriy yil 11-fevral kuni Prezidentimizning startaplarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 59-sonli qarorining qabul qilinishi ushbu yoʻnalishda muhim qadam boʻldi. Mazkur hujjat nafaqat imtiyozlar tizimini kengaytiradi, balki yoshlarning innovatsion gʻoyalariga davlat darajasida ishonch va katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Qarorga muvofiq 2030-yilga qadar mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan startaplar sonini 5 mingtaga yetkazish maqsad qilib belgilangan. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda qonunchilik organi sifatida Senatning oʻrni alohida ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda HR, taʼlim va marketing sohalarida faoliyat yuritayotgan startapchilar oʻz loyihalarini taqdim etib, amaliy takliflarini bildirishdi. Xususan, ijtimoiy yoʻnalishdagi hamda reproduktiv salomatlikka oid tashabbuslar alohida eʼtiborga olindi.
Shuningdek, startapchilar duch kelayotgan asosiy muammolar, jumladan moliyalashtirish, bozorga chiqish va byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Yoshlar parlamenti va startapchilar oʻrtasida doimiy muloqotni yoʻlga qoʻyish maqsadida “Digital Leadership Program” (Raqamli yetakchilik dasturi)ni tashkil etishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring