Senat Raisi poytaxt tumanlarida aholi vakillari, tadbirkorlar, mahallalar faollari bilan uchrashdi

15:33 27 Iyun 2023 Siyosat
752 0

Xabar berib borayotganimizdek, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva bevosita hududlarga chiqib, aholi vakillari, tadbirkorlik subyektlari, mahallarda tashkil etilgan beshlik, tumanlardagi sektorlar rahbarlari bilan bevosita muloqotlar oʻtkazmoqda.

Joriy yilning 26-iyul kuni Senat Raisi Toshkentning Olmazor hamda Shayxontohur tumanlarida boʻldi. Taʼkidlash joiz, Olmazor tumani aholi zich joylashgan tumanlardan biri hisoblanadi. Dastlab, tumandagi yoshlarni tadbirkorlik asoslariga oʻrgatish, kichik va oʻrta biznesni yuritish malakalarini berish, tadbirkorlik madaniyatini tarbiyalash innovatsiya va menejment markazi faoliyatini bilan tanishildi. Ushbu amaliy monomarkaz Olmazor tumani hokimiyati bilan davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan boʻlib, 2023-yilning oʻzida 1440 nafar yoshlarning tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish reja qilingan.

Shu yerning oʻzida tumandagi tadbirkorlik subyektlari vakillari, hokimlik, Innovatsion rivojlanish agentligining Aerokosmik laboratoriyalar boʻlimi bilan hamkorlikdagi “Dreamsat” loyihasi asosida dasturlash, injeneriya, robototexnika kabi fanlar boʻyicha taʼlim olib AQSHning nufuzli oliy taʼlim dargohlariga grant asosida oʻqishga qabul qilingan yoshlar bilan samimiy muloqot boʻlib oʻtdi.

Tumanda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan amaliy choralar koʻrilmoqda. “Universitet” mahallasida foydalanishga topshirilgan “Oila va ayollar markazi” ham shular jumlasidan boʻlib, bu yerda psixolog maslahat xonasi, ayollarni sogʻlomlashtirish xonasi, gimnastika zali va goʻzallik saloni faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Senat Raisi bu kabi markazlarni iloji boricha har bir mahallada tashkil etish, markaz tarkibida xotin-qizlarni anʼanaviy kasb-hunarlar bilan bir qatorda ilgʻor texnologiyalarga asoslangan zamonaviy kasblarga oʻrgatishni yoʻlga qoʻyish, aynan markazlar qoshida bugun talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha kichik korxonalar tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalarini berdi.

Tashrifning navbatdagi manzili “Xislat” mahallasida ishga tushirilayotgan ishlab chiqarish korxonasi boʻldi. Mazkur tikuvchilik korxonasiga Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan Iroda Berdiyeva rahbarlik qilmoqda. Eʼtiborli jihati, bu yerda shu mahallaning qoʻlida hunari bor, lekin sharoit tufayli uyda oʻtirgan xotin-qizlari ish bilan taʼminlandi. T.Narbayeva korxona faoliyati bilan tanishish chogʻida uning xodimlari, qolaversa, tuman xotin-qizlar faollari bilan suhbat qildi, mahalladagi beshlik faoliyati bilan qiziqdi.

Infratuzilmani rivojlantirish, aholiga zarur shart-sharoitlar yaratish, fuqarolarni tadbirkorlikka yoʻnaltirish, kasb-hunarga oʻrgatish, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qoʻllab-quvvatlash kabi masalalar bugun mahallalardan boshlanmoqda.

Senat Raisi Shayxontohur tumaniga tashrifi chogʻida 6 yarim mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan “Sarxumdon” MFY boʻlib, bu yerda mahalla faollari, nuroniylar va aholi vakillari bilan muloqot qildi. Taʼkidlash joiz, keyingi yillarda mahallada amalga oshirilgan obodonlashtirish va bunyodkorlik natijasida mahalla idorasi yangidan barpo etildi, uning hududida 12 ta bolalar maydonchasi va 10 ta sport maydoni foydalanishga topshirildi.

Samimiy suhbat chogʻida mahallaning tarixi, uning fuqarolari hayot tarzi, shuningdek, aholi bandligini taʼminlash, sogʻligʻini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi. Oila va xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi faoliyatining samaradorligi, ularning mahalla fuqarolarining ogʻirini yengil qilishdagi oʻrni tahlil qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер