Hamjihatlikda bu sinovdan yorugʻ yuz bilan oʻtib olamiz

15:58 03 Aprel 2020 Siyosat
1878 0

Bugun butun insoniyatni tashvishga solib turgan koronavirus infeksiyasi har birimizdan bu “koʻrinmas yov”ni birgalikda jilovlash, unga qarshi hamjihatlikda kurashishni talab etmoqda. Shuning uchun ham joriy yilning ilk kunlaridanoq koronavirus infeksiyasining yurtimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan tezkor choralar koʻrila boshlandi.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan aholining koronavirus infeksiyasi toʻgʻrisidagi xabardorlik darajasi va unga munosabatini oʻrganish yuzasidan soʻrov oʻtkazilganida, respondentlarning qariyb yarmi, yaʼni 48,1 foizi COVID-19 haqida batafsil maʼlumotga ega emasligi maʼlum boʻldi.

Shuning uchun ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali aholining tibbiy madaniyatini oshirish boʻyicha targʻibot ishlari kuchaytirildi. Targʻibot tadbirlari bugungi kunda ham naqadar muhimligi hammamizga ayon. Chunki koʻrib turganimizdek, boshqa davlatlarda karantin qoidalariga amal qilinmaganligi natijasida bemorlar, vafot etganlar soni tobora ortib bormoqda. Fuqarolarimiz ichida ham oʻzi va yaqinlarining salomatligiga masʼuliyat bilan yondashmaydigan, sanitariya-gigiyena koidalari, karantin tadbirlarini bilmaydigan, ularga boʻysunmaydiganlari, afsuski, uchrab turibdi.

Har bir fuqaroning salomatligi muhim

Prezidentimiz tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish ishlari davlatimizning ustuvor vazifasi sifatida belgilandi va bu ishlarni tez va sifatli amalga oshirish yuzasidan Hukumatga aniq vazifalar topshirildi. Mazkur tezyuqar kasallikka qarshi kurashish ishlariga nafaqat Sogʻliqni saqlash vazirligi, balki barcha mutasaddi davlat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar safarbar etildi.

Mamlakatimizda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida tezkorlik bilan koʻrilayotgan choralar nafaqat hamyurtlarimiz, balki boshqa davlat vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari tomonidan ham munosib eʼtirof etilmoqda.

Prezidentimizning maxsus farmoyishi bilan Hukumatimiz rahbari boshchiligida Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha respublika maxsus komissiyasi tuzildi va ushbu komissiya tomonidan tunu kun amalga oshirayotgan tezkor chora-tadbirlar davlatimiz rahbarining qatʼiy nazoratiga olindi.

Bu kasallikning respublikamiz hududiga shiddat bilan kirib kelishi va keng tarqalishini bartaraf etish maqsadida dunyoning barcha davlatlari bilan aviaqatnovlar, xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, yoʻlovchi tashuvchi transport vositalarining mamlakatimiz hududiga chegara oʻtkazish punktlari orqali kirib kelishi toʻxtatildi. Ommaviy tadbirlar va toʻy-tantanalar oʻtkazilishi ham vaqtincha taqiqlandi. Dafn marosimlarini 10 – 15 kishidan koʻp boʻlmagan fuqarolar, asosan, oila aʼzolari oʻrtasida oʻtkazishga oid cheklovlar oʻrnatildi.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan ilk kun, yaʼni 16-martdan boshlab barcha taʼlim muassasalaridagi 8 million 300 ming farzandlarimizga taʼtil berildi. 80 ming talaba markazlashgan holda yashash joylariga joʻnatildi.

Taʼlimda uzilishlarning oldini olish maqsadida 30-martdan boshlab teledarslar, internet tarmoqlari orqali video va onlayn darslar efirga uzatilmoqda. Davlat idoralari va tashkilotlarida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari vakillarini qabul qilish hamda ularga turli xizmatlarni koʻrsatish ishlari ham onlayn rejimiga oʻtkazildi.

Koʻchalarda transport qatnovi, shuningdek, fuqarolarning zaruratsiz uydan tashqariga chiqishi cheklandi. Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi, sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. 

Respublikamiz hududiga kirib kelayotgan shaxslarni 14 kun davomida karantinga olish maqsadida maxsus tibbiyot muassasalari ajratildi. Qisqa fursat ichida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Zangiota tumanlari hamda poytaxtimizning Chilonzor tumanida maxsus shifoxonalar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Yana bir ahamiyatga molik jihat, xorijdagi vatandoshlarimiz charter aviareyslari orqali yurtimizga olib kelindi.

Koronavirus infeksiyasi muammosi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishlarda Prezidentimiz xalqimizga murojaat qilib, “Men uchun har bir fuqaroning salomatligi muhim”, deya barcha masʼullarni hushyorlikka chorladi. Ushbu kasallik tarqalishining oldini olish borasida barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilishi, dori-darmon, oziq-ovqat mahsulotlari borasida yetarlicha zaxira mavjudligi, eng asosiysi, sarosima va vahimaga tushishga asos yoʻqligi alohida taʼkidladi.

Mamlaktimizda soʻnggi yillarda barcha sohalarda shiddat bilan amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga qaramasdan, qator yoʻnalishlar, jumladan, tibbiyot soxasida, ayniqsa, sanitariya-epidemiologiya tizimida qator muammolar toʻplanib qolgani ham sir emas.

Davlatimiz rahbari bu masalaga aloxida urgʻu berib, ushbu tizim yillar davomida eʼtibordan chetda qolgani, uning moddiy-texnika bazasi oʻz holiga tashlab qoʻyilgani, kadrlar salohiyati yetarli emasligini taʼkidlab oʻtdi. Tibbiyot soxasini rivolantirish ishlari izchillik bilan davom ettirilishi yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Inqirozga qarshi 10 trillion soʻm

Dunyo miqyosida koronavirus infeksiyasi tarqalishi ishlab chiqarish va isteʼmol hajmlarining qisqarishi, global ishlab chiqarish zanjiri va savdo aloqalari izdan chiqishiga sabab boʻlayotgani barchaga maʼlum.

Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari, xalqaro moliya institutlari ham pandemiya oqibatlari mamlakatlar iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatishiga eʼtibor qaratmoqdalar.

Bunday omillarning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida 2020-yil 19-mart kuni Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Ushbu hujjat bilan Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etilib, unga 10 trillion soʻm miqdorida mablagʻ yoʻnaltirildi. Mazkur jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishning ustuvor yoʻnalishlari etib koronavirus tarqalishiga qarshi kurash tadbirlarini moliyalashtirish, tadbirkorlik va aholi bandligini qoʻllab-quvvatlash, xalqimizni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash kabi kechiktirib boʻlmas vazifalar belgilandi.

Prezident Farmonida 2020-yil 1-apreldan jismoniy shaxslar tomonidan xayriya tashkilotidan moddiy naf tarzida olinadigan daromadlarni soliqqa tortishdan ozod etish belgilandi. Tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar uchun berilgan soliq va boshqa imtiyozlar koʻlami ham har jihatdan kengdir. Tabiiyki, bu kabi meʼyorlar tegishli qonunlarda aks etilishi lozim, bu yoʻnalishda amaliy ishlar boshlandi va ijrosi taʼminlanadi.

Shuni alohida qayd etishimiz lozimki, davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida “Koronavirus pandemiyasi davrida aholini, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi yana bir Farmon loyihasi ham ishlab chiqilmoqda.

Ushbu xujjatdan oʻrin oladigan qoʻshimcha chora-tadbirlar xalqimizning daromadlarini oshirish, ularning ijtimoiy himoyasini yana-da kuchaytirish, tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan fuqarolarimizni yana-da qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilishi, shubhasiz.

Bugungi kun qahramonlari

Tibbiyot xodimlari mazkur pandemiyaga qarshi kurashishda fidoyilik koʻrsatmoqda. Eʼtibor bering: hali ularning birortasi kasallikni yuqtirib olishdan qoʻrqib, oʻzini chetga olmadi, millat salomatligi yoʻlida tunu-kun mehnat qilmoqda. Bundan tashqari, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa masʼul idoralar mutaxassislarining mehnatini eʼtirof etish zarur. Shu munosabat bilan soha xodimlarining mehnatini munosib ragʻbatlantirish davlatimizning diqqat markazida turibdi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb etilgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qoʻshimcha ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida virusni yuqtirib olgan tibbiyot xodimlariga davlatimiz rahbarining maxsus qarori bilan 100 million soʻmdan kompensatsiya toʻlanishi belgilandi.

Koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, karantin obyektlari va koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlariga lavozimiga koʻra har 14 kunlik faoliyat davri uchun 5 milliondan 25 million soʻmgacha miqdorda maxsus qoʻshimcha ragʻbatlantirish toʻlovi belgilandi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan tibbiyot xodimlarining mehnatiga munosib xaq toʻlash, ularni qoʻllab-quvvatlash ishlari bundan keyin ham davom ettirilishi alohida taʼkidlandi.

Aholi muammolarini hal etish har qachongidan muhim

Bu sharoitda parlament aʼzolari ham oʻzlarining oldida turgan dolzarb vazifalarni belgilab oldilar. Qisqa muddatlarda pandemiya tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadigan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi.

Vaziyatdan kelib chiqqan xolda Senatning yalpi majlisi ilk bor videokonferensaloqa shaklida oʻtkazildi va bu jarayon “Elektron parlament”ning joriy etilishida dastlabki qadam boʻldi.

Bugun ushbu qonunlarning xayotga tatbiq etilishida, aholi oʻrtasida keng targʻibot ishlarining olib borilishida mahalliy Kengash deputatlari, senatorlarimiz faol qatnashyapti.

Koronavirus pandemiyasining tarqalishi biz uchun katta sinov ham boʻlmoqda. Nafaqat ushbu pandemiya, umuman, agarda kelgusida shunga oʻxshash favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan xolatlarda, makroiqtisodiy barqarorlikka salbiy taʼsir qilishi mumkin boʻlgan omillarning barvaqt oldini olish, bu borada qonunchiligimizni yana-da takomillashtirish masalalarini oʻrganishga kirishdik.

Bundan tashqari, Senatning kun tartibida tibbiyot soxasidagi muammolarni chuqur oʻrganish, ayniqsa, aholining sogʻlom ovqatlanishini tashkil etish, ovqatdan zaharlanish xolatlarning oldini olish, ayollar va bolalar salomatligini mustahkamlash, nogironligi boʻlgan fuqarolarni sogʻlomlashtirish kabi masalalar turibdi. Bizning maxsus ishchi guruhlarimiz tomonidan mavjud muammolar tahlil qilinmoqda, bu borada Hukumatga tegishli takliflar kiritiladi va albatta, ular bilan birgalikda tizim faoliyatini yana-da takomillashtirish yuzasidan zarur ishlar amalga oshiriladi.

Hammamizga yaxshi maʼlum, Yangi Oʻzbekiston qurilishida davlatimiz rahbarining tegishli Farmon va qarorlari asosida yolgʻiz qariyalar, nogironligi boʻlgan fuqarolar va kam taʼminlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilish masalalariga, qisqacha aytganda, kambagʻallikni kamaytirib, xalqimizning turmush darajasi va sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu masala, ayniqsa, bugungi vaziyatda juda katta ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan ijtimoiy nafaqa oluvchilarning soni 10 foiz yoki 60 mingtagacha koʻpaytirilishi, tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi fuqarolarga qator yangi imtiyozlar joriy etilishi, ishsiz fuqarolarimizning bandligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan tezkor choralar koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq boʻlgan inqiroz holatlarining oldini olishga xizmat qilmoqda.

Ushbu yoʻnalishdagi ishlar xalqimiz tomonidan ham qoʻllab-quvvatlanishini tashkil etish maqsadida Oliy Majlis Senati “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga mablagʻ oʻtkazish tashabbusi bilan chiqdi. Quvonarlisi, ushbu tashabbusimiz boshqa davlat idoralari, nodavlat tashkilotlari hamda bizning aziz yurtdoshlarimiz, saxovatpesha insonlarimiz tomonidan ham qoʻllab-quvvatlanmoqda, ular bu xayrli ishga qoʻshilib, xayriya aksiyasining faol ishtirokchisiga aylanmoqda.

Bundan tashqari, senatorlarimiz va joylardagi deputatlarimiz aholi murojaatlarining har biriga eʼtibor bilan qarab, ularning muammolarini tezkorlik bilan hal qilish ishlarini tashkil qilmoqdalar. Bunda karantin tartiblarini eʼtiborga olib, masofadan turib muloqot qilish tizimi keng joriy etilmoqda.

Senatorlarimiz shugʻullanayotgan masalalardan yana biri – oziq-ovqat maxsulotlari, dori va gigiyena vositalariga narx-navolarning oshib ketmasligini qattiq nazoratga olish, bu maqsadda hududlardagi va poytaxtimiz bozorlari, savdo majmualari va dorixonalardagi xolatlarni oʻrganib borish hamda bu borada Hukumatga amaliy yordam koʻrsatishdan iboratdir.

Yaqinda Senat koʻmagi va nazorati ostida Toshkent shahrida vaqtincha ishlagan, ammo karantin tufayli oʻz hududlariga qaytishga qiynalib turgan 2 ming nafarga yaqin yurtdoshlarimiz oʻz uylariga yetib oldi.

Bugun koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq tadbirlarni izchillik bilan amalga oshirish, barcha sohalarda rejalashtirilgan ishlarimizga, ayniqsa, iqtisodiy islohotlarga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha ishlarni amalga oshirish har bir rahbarning yuksak masʼuliyatli boʻlishini taqozo etadi. Albatta, bu pandemiya barchamiz uchun kutilmagan xolat boʻldi va koʻpchilik bunga tayyor ham emasdi.

Lekin soʻnggi kunlarda xalqimiz birdamlik va xamjixatlik namunasini koʻrsatib, Respublika ishchi guruhi tavsiyalariga amal qilmoqdalar. Turli sohalar rahbarlari, deputat va senatorlarning uyushgan holda faoliyat koʻrsatishi esa tez kunlarda koronavirusni yengib, ijobiy natijalarga erishishimizga olib keladi, albatta.

Zero, davlat va jamoat tashkilotlari, umuman, butun xalqimiz bilan bir boʻlib, hamjihatlikda harakat qilsak, bu sinovdan yorugʻ yuz bilan oʻtib olamiz.

Tanzila NARBAYEVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер