Senat qoʻmitalari va mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari hamkorligi kuchaytirilmoqda
Oliy Majlis Senati tomonidan mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari aʼzolarining bilim va koʻnikmalarini oshirish, qonunchilikdagi yangiliklar bilan tanishtirish hamda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida seminarlar tashkil etilmoqda.
Joriy yilning 13-15-aprel kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashi doimiy komissiyalari rahbarlari Senat qoʻmitalarida amaliyot oʻtashadi. Shuningdek, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati mahalliy Kengashi kotibiyati xodimlari Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazida malaka oshirish kurslarida ishtirok etadi.
Mazkur amaliyot davomida tadbir ishtirokchilari Senat qoʻmitalari hamda Markaz faoliyati bilan tanishadi. Shuningdek, mahalliy Kengashlarning oʻzaro hamkorligini rivojlantirish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga oid dolzarb masalalarda mahalliy vakillik organlarining ishtirokini oshirish boʻyicha muhokamalar oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, amaliyotchilar qonunchilik jarayoniga mahalliy Kengashlar deputatlarini jalb qilish, ularning fikr-mulohazalarini inobatga olish hamda qabul qilinayotgan qonunlarda hududiy xususiyat va imkoniyatlarni aks ettirish boʻyicha koʻnikmalarga ega boʻladi.
Ushbu tadbirlar doirasida Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiya raisi Tuychiyev Anvar boshchiligida yigʻilish oʻtkazildi. Unda mahalliy Kengashlar va doimiy komissiyalar faoliyatini takomillashtirish, Senat qoʻmitalari hamda mahalliy hokimiyat organlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mahalliy ijro hokimiyati ustidan nazorat samaradorligini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring