SAT sertifikatiga ega abituriyentlar qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi
Yangi oʻquv yilidan boshlab SAT sertifikatiga ega abituriyentlar qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi. Bu haqida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi maʼlum qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qaroriga muvofiq, xalqaro imtihon tizimi boʻyicha bir qator tartiblar belgilangan.
Jumladan, abituriyent “College Board” tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan SAT imtihonida maksimal ballning kamida 75 foizini, yaʼni 1 200 ball va undan yuqori natijani qayd etgan boʻlishi lozim.
Mazkur sertifikatga ega abituriyentlar, agar sertifikat fanlari (matematika va chet tili) tanlangan bakalavriat yoʻnalishi imtihonlar majmuasida mavjud boʻlsa, oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Shuningdek, 2026-2027 oʻquv yili qabul jarayonida imtiyozdan foydalanish uchun SAT sertifikatlari rasmiy platforma orqali 35787 DI kodi bilan Bilim va malakalarni baholash agentligiga yuborilishi kerak.
Maʼlumot uchun, faqat DI kod orqali yuborilgan sertifikatlar qabul jarayonida haqiqiy hisoblanadi. Qoʻlda yuklash yoki skrinshotlar qabul qilinmaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring