Sarguzashtlar olamiga marhamat!

Kitob javoningizga
Hurmatli o‘quvchi! Mazkur rukn orqali sizni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylarida nashr etilayotgan o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari bilan tanishtirib borishni maqsad qildik. Bugun e’tiboringizga “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan kitobxonlarga tuhfa qilingan asarlarning qisqacha tavsiflarini havola etamiz.
Abadiyat qissalari
Chingiz Aytmatovning “Oq kema”, “Birinchi muallim” qissalari ko‘plab tillarga tarjima qilingan va yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Mamlakatimizda ham ushbu asarlarni sevib o‘qishadi. Shu bois ham qayta-qayta nashr qilinmoqda. Mazkur kitoblar yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol etib tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.
Bolalarga atalgan sovg‘a
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hakim Nazirning “Kenjatoy” qissasi, Erkin Malikning “Bolalik va o‘smirlik ko‘chalari” xotira kitobi, Abdusaid Ko‘chimovning “Qayta tug‘ilgan bola” nomli qissa hamda hikoyalar to‘plami nashriyotning bolalar va o‘smirlar uchun munosib sovg‘asi bo‘ldi.
Jumladan, “Kenjatoy”da beg‘ubor qalb egalarining hayoti tasvirlanadi. Asardagi voqeliklar kitobxonni mehnatsevarlik, halollik, el-yurtga munosib farzand bo‘lishga undaydi. “Bolalik va o‘smirlik ko‘chalari”da esa Ikkinchi jahon urushidan keyingi og‘ir hamda mashaqqatli yillar, bu davrda yashagan o‘g‘il-qizlarning o‘ziga xos olami, orzu-intilishlari mohirona qalamga olingan. “Qayta tug‘ilgan bola”da o‘smirning g‘ayrat-shijoati, kuchli his-tuyg‘ulari ochib beriladi.
Sarguzashtlar olamiga marhamat!
Jonatan Svift qalamiga mansub “Gulliverning sayohatlari”ni o‘qib, sarguzashtlar olamiga sayohat qilasiz. Unda asar qahramoni g‘ayrioddiy mamlakatlarga borib qoladi, u yerdagi odamlar bilan muloqotda bo‘ladi. Hayot tarzi, madaniyati, urf-odatlarini o‘rganadi. Shu asnoda o‘z yurti — Angliya haqida ularga so‘zlab beradi.
Mashhur ingliz yozuvchisi Daniyel Defoning “Robinzon Kruzo” romani ham jahon adabiyotining noyob durdonasidir. O‘zbek kitobxonlari mazkur asarni alohida qadrlashadi. Chunonchi, Robinzonning sabr-matonati, ertangi kunga qat’iy ishonchi, hayot uchun kurashishi o‘quvchida mehr, muhabbat va yoqimli taassurotlar uyg‘otadi.
Dilmurod SODIQOV
tayyorladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring