Sardobaning shoʻrxok yerlarida malina yetishtiriladi
Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Sardoba tumanidagi “Fayzliobod” MFY yettiligi hamda shu mahallada yashovchi bir guruh fuqarolar Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi malina yetishtiruvchi xonadonlarda boʻlib, tomorqa egalarining ushbu ziroat turini oʻstirish boʻyicha toʻplagan tajribalari bilan tanishdi. Maʼlum boʻlishicha, mazkur butani shoʻrxok yerda ham oʻstirish mumkin. Bunga Jomboy tumanining ana shunday tuproq sharoitli hududida malinazorlar tashkil qilingani dalolat. Qolaversa, malinaning shoʻrxok maydonlarga moʻljallangan navlari ham mavjud.
— Viloyatimiz hokimining tavsiyasi bilan Jomboy tumani mirishkorlaridan malina yetishtirish tajribasini oʻrganish boʻyicha qilgan safarimiz oʻzining katta samarasini beradi, — deydi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Sardoba tumani boʻlimi rahbari Esonboy Xusanboyev. — Yaʼni tez orada Fayzlioboddagi aholi tomorqalarida malinazorlar paydo boʻladi. Negaki, ushbu rezavor meva beradigan oʻsimlikni bizning tuproq sharoitimizda ham oʻstirib, undan yaxshigina mablagʻ topsa boʻlar ekan. Bunga Jomboyda 8 sotixli malinazordan 75 million soʻmgacha daromad olinayotgani misol.

Maʼlumot uchun: tumandagi koʻplab mahallalar oʻzining drayver faoliyat turlariga ega. Xususan, Zomin, Boʻston, Rovot mahallalarida supurgi, Birlik, Otayurt, Qoʻyitoshda oshqovoq, Paxtakor, Birlashgan mahallalarida esa mashhur Mirzachoʻl qovunlarini yetishtirish ustuvor hisoblanadi. Shu maʼnoda yaqin yillarda malina yetishtirish Fayzliobod mahallasi ahlining drayver faoliyatiga aylanadi deyish mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring