Samarqandda jahon toifasidagi jarrohlar bilan bir qator jarrohlik amaliyotlari bajarildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Abdulaziz Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”. Samarqand davlat tibbiyot universitetiga qarashli Ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgik klinikasi va Oʻmon minimal invaziv jarrohlar guruhi tomonidan “Avitsenna vatanida: eski doʻstlar oʻrtasida yangi koʻprik qurish yoʻlida” nomli xalqaro simpozium boʻlib oʻtdi.
Anjumanda bugungi kunda kaminvaziv jarrohlik amaliyotlarini keng qoʻllash, bunda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, vrachlarning bilim va malakasini oshirish, bu boradagi xalqaro tajriba haqida soʻz yuritildi.
Oʻmon xalqaro klinikasi va Aster klinikasi shifokorlari, jahon toifasidagi xirurglar — doktor Raad al-Mehdi va doktor Yahyo al-Azri oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi hamda yurtimiz jarrohlari uchun mahorat darslari oʻtdi. Shuningdek, samarqandlik mutaxassislar bilan birgalikda bir qator jarrohlik amaliyotlari bajarildi, ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgik klinikasida davolanayotgan bemorlar koʻrikdan oʻtkazilib, zarur tavsiyalar berildi.
Operatsiya jarayonini simpozium ishtirokchilari bevosita kuzatib bordi va mutaxassislardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
— Yuqori texnologiyali zamonaviy jarrohlikni rivojlantirish klinikamiz faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi, — deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgik klinikasi bosh shifokori, professor Jamshid Shamsiyev. — Shu bois xodimlarga minimal invaziv jarrohlikning zamonaviy usullarini oʻrgatish, mamlakatimiz va jahonning yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlik qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Oʻtgan yil Samarqandda yurtimizda ilk bor Osiyo endoskopik va laporoskopik xirurglar jamiyati (ELSA)ning “Ipak yoʻlida minimal invaziv xirurgiya” mavzuidagi I bahorgi kongressini oʻtkazgandik. Shuningdek, Rossiya, Koreya va boshqa davlatlardagi yetakchi tibbiy muassasalar bilan ushbu yoʻnalishda hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Endilikda bu borada Oʻmon Sultonligidagi dunyoga mashhur klinikalar bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqchimiz.
Simpozium doirasida mamlakatimiz va Oʻmon sultonligi jarrohlarining uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda kelgusi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring