Samarqandda transport tizimi yangilanmoqda
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Transport vositasi hayotimizning ajralmas bir boʻlagi hisoblanadi. Kundalik yumushlar bilan koʻchaga chiqqanda, arzon, xavfsiz va qulay avtoulovlarga ehtiyoj seziladi. Shularni hisobga olgan holda transport sohasida ishlovchi ishchi xodimlar va foydalanuvchilar, yaʼni, yoʻlovchilarga shart-sharoitlar hamda yengilliklar yaratish bugun zamon talabi aylandi.
Samarqand viloyatining transport tizimida oʻzgarishlar va yangilanishlar kuzatilmoqda. Ayni paytda viloyatda 37 ta yuridik shaxs 470 ta transport vositasi bilan aholiga xizmat koʻrsatib kelmoqda. Samarqand shahrining oʻzida 361 ta avtobus boʻlib, shundan, 233 tasi shahar avtobus yoʻnalishlarida harakatlanadi. Holatni tumanlar kesimida tahlil qilsak, Nurobod, Oqdaryo, Toyloq tumanlarida roʻyxatdan oʻtgan birorta avtobus uchramaydi. Faqat taksi yoʻnalishlarida 75 ta litsenziat 1985 ta transport vositalari aholi xizmat koʻrsatadi. Bundan 123 tasi mikroavtobus, 1862 tasi Damas rusumli transport vositasidir. Bundan tashqari, turizm sohasi va ishlab chiqarish korxonalarida 30 ta litsenziatda 136 ta avtobus, 93 ta mikroavtobus mavjud.
2023—2024-yillarda “Maroqand trans 777” MCHJ va “Dilshod trans servis” MCHJlar hamda “Tohir R” XK tomonidan Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan 124 dona avtobuslar keltirilib, yangi avtobuslar tarmoqdagi yoʻnalishlarga joylashtirildi.
— Samarqand shahar transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan yangi yoʻnalishlar tarmogʻidagi 43 ta yoʻnalishlarni brutto-shartnomaga oʻtkazish grafigi tasdiqlandi, — deydi viloyat transport boshqarmasi boshligʻi R. Tojiyev. — Tender natijasiga koʻra, shahar avtobus yoʻnalishlarida ishlash huquqini “Marokand trans 777” MCHJ qoʻlga kiritdi. Mazkur korxona bilan brutto-shartnomasi tuzildi.
Samarqand shahrida xizmat koʻrsatuvchi avtobuslarning xizmat sifatini baholash uchun boshqarma binosida “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi tashkil etilgan. Tashuvchilar tomonidan yoʻnalish koʻrsatkichlarini monitoring qilish, bajarilgan ish hajmini aniqlash va yoʻlovchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifatini baholash maqsadida avtomatlashtirilgan “Magnetic North” tizimi oʻrnatilgan. Unga Samarqand shahar transport va yoʻl-transport infratuzilmasi tarmogʻidagi 43 ta yoʻnalish va ulardagi oraliq bekatlar haqida maʼlumotlar kiritilgan. Transport vositalarini mazkur tizim orqali kuzatish imkoniyati mavjud.
Shahar avtobus yoʻnalishlarini brutto-shartnoma tizimiga kiritish maqsadida Transport vazirligi huzuridagi Transport ilmiy tadqiqot markazi mutaxassislari Samarqand shahrining 19 ta yoʻnalishida oʻlchash ishlarini olib bordi. Viloyat miqyosida 122 ta yoʻnalishsiz taksi xizmatini koʻrsatuvchi korxona boʻlib, ular 860 ta transport vositalari bilan aholiga pullik asosda xizmat koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, Samarqand viloyatida 17486 nafar fuqaro oʻziga tegishli boʻlgan toʻrt oʻrindiqli 17 620 ta yengil avtotransport vositalarida yoʻlovchi tashish maqsadida litsenziya olgan.
Payariq, Ishtixon, Oqdaryo kabi tumanlaridan kelayotgan yoʻlovchilarning Samarqand shahriga kirib kelishi Motrid va Dahbet koʻchalarida ancha tirbandliklarni keltirib chiqaradi. Bu muammoni bartaraf etish maqsadida Motrid qoʻrgʻonida avtoboshbekat qurilishiga ajratilgan 2,5 gektar maydon uchun tender oʻtkazildi. Unda “Urgut avto center” MCHJ gʻolib boʻldi. Hozirda mazkur hududda avtoboshbekat qurish loyihasi tayyorlanmoqda. Avtoshohbekat joriy yil yakuniga qadar ishga tushiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring