Samarqandda “Shirin” ishbilarmonlik markazi uchun yangi koʻprik qurilmoqda
Samarqand shahri bugun keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgan yirik qurilish maydoniga aylandi. Yurtimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi, bu yerda ham yangi turar-joy binolari barpo etilib, zamonaviy massivlar qad koʻtarmoqda. Bu esa Samarqandning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qoradaryo sohilida barpo etilayotgan “Shirin” ishbilarmonlik markazi hozirda ishbilarmonlar va investorlar diqqat markazida turibdi. 665 gektar maydonni egallagan mazkur hududda turar-joy binolari, maʼmuriy va biznes markazlari, taʼlim va tibbiyot muassasalari, koʻngilochar maskanlar, shuningdek, zamonaviy transport va muhandislik kommunikatsiyalari barpo etilishi koʻzda tutilgan.

Ushbu hudud avval shahar bilan toʻliq bogʻlanmagani sababli bunyodkorlik ishlari, avvalo, Samarqand shahri bilan “Shirin” massivini bogʻlovchi yangi koʻprik qurilishidan boshlandi. Ayni paytda yuqori surʼatlarda davom etayotgan qurilish ishlari Samarqand mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi buyurtmasi asosida “Koʻprikqurilish” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilmoqda.
Qurilish jarayonida xavfsizlik va sifat masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida tegishli profilaktik chora-tadbirlar muntazam amalga oshirilmoqda.

M-37A avtomobil yoʻlining 37-kilometrida joylashgan mazkur yoʻl oʻtkazgich — koʻprikning umumiy loyiha qiymati 266 milliard soʻmni tashkil etadi. Uning uzunligi 295 metr boʻlib, joriy yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring