Samarqandda nogironligi bor shaxslar mahsulotlari koʻrgazmasi oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
23—24-sentabr kunlari Samarqandda ilk bor nogironligi boʻlgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarning V savdo yarmarkasi oʻtkazildi. Unda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan oʻzgalar parvarishiga muhtoj va turmushda qiynalayotgan nogironligi boʻlgan bolalar tayyorlagan mahsulotlar sotuvga qoʻyildi.
Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston nogironlar jamiyati bilan hamkorlikda 2018-yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan “Biz birgamiz” ijtimoiy loyihasi doirasida tashkil etilgan mazkur xayriya tadbiri minglab koʻngillarni xushnud qilishga hissa qoʻshib kelmoqda. Masalan, bu yil 70 nafar uyida turli xil buyumlar tayyorlash bilan shugʻullanuvchi imkoniyati cheklangan, nogironligi boʻlgan shaxslar oʻz mahsulotlari bilan qatnashdi va 388 million soʻmlik savdoni amalga oshirdilar.
Bu mahsulotlar nogironligi bor kishilar, ogʻir xastalikka chalingan bolalar qoʻli bilan yaratilgan dunyolar, umidlar va orzular hisoblanadi. Ushbu loyihadan koʻzlangan maqsad ham ularning oʻz uylarida tayyorlangan mahsulotlarni sotuvida yordamlashish, yashashga boʻlgan ishtiyoqini va kasbga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirishdan iborat.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga tashkilotchilarning qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring