Samarqandda murakkab jarrohlik operatsiyalari oʻtkazilmoqda
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. — Bir necha yildan buyon kuchli yurak ogʻrigʻidan aziyat chekib kelaman, — deydi Zomin tumanidan kelgan 67 yoshli bemor Erkin Sariboyev. — Xorijdagi klinikalarga borib davolanishga imkoniyat topolmayotgan edim. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat mintaqaviy filialiga murojaat qildim. Tajribali shifokorlar yuragimda yuqori texnologik, noyob ochiq jarrohlik amaliyotini oʻtkazishdi. Ogʻir ahvolda ikkilanib kelgan edim, mana endi sogʻlom holda, tik oyoqda chiqib ketyapman. Xursandchiligimning cheki yoʻq. Bizning shifoxonalardagi sharoit va malakali mutaxassislar ham xorijdagi klinikalarnikidan qolishmas ekan.
Toʻgʻrisi, yaqin-yaqingacha bemorlardan bu kabi fikrlarni eshitish tugul, bu haqda oʻylash ham xayolimizga kelmas edi. Aksincha, Germaniya, Xitoy, AQSH, Turkiya, Hindiston, Rossiya va boshqa tibbiyoti rivojlangan davlatlardagi klinikalarda davolanishni istagan yurtdoshlarimiz haqida koʻp eshitardik. “Katta pulga Xitoyda yuragimga stent qoʻydirib keldim, Janubiy Koreyada yuragimni koronografiya uskunasida tekshirtirdim, AQSHda yuragimda noyob jarrohlik amaliyoti oʻtkazdim” degan gaplardan soʻng, nahotki, oʻzimizda buni iloji boʻlmasa, axir, bizda ham iqtidorli shifokorlar, tibbiyot olimlari koʻp-ku, deb oʻylardik.

Mana shu kunlarga ham yetib keldik. Yurtimizda tibbiyot sohasiga boʻlgan eʼtibor kuchaydi. Endi yurtdoshlarimiz oʻz salomatligini nafaqat poytaxtda, balki respublikamizning deyarli barcha viloyatlarida joylashgan ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiy markazlarda ham tiklashga intilishmoqda.
— Yaqinda turkiyalik bir guruh shifokor, olimlar kelib, markazimizda yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganib, noyob jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etdi, — deydi Respublika ixtisoslashgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand mintaqaviy filiali direktori oʻrinbosari Rustam Qoʻshnazarov. — Shifoxonamizda eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy jarrohlik va diagnostika asbob-uskunalarni koʻrib, “endi bildik, oʻzbekistonlik bemorlar nima uchun koʻp mablagʻ sarflab Turkiya klinikalarga bormasdan shu yerda davolanishni istayotganlarini”, deb qolishdi. Chunki, shu yerning oʻzida barcha sharoit va mutaxassislar yetarli. Shuning uchun ham bemorlar ilgarigidek sarson boʻlib chet elga borib kelgandan koʻra, Samarqandning oʻzida amaliyot oʻtkazishni maʼqul koʻrishmoqda.

Shu paytga qadar nafaqat respublikamizning turli viloyatlaridan, balki Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston kabi qoʻshni davlatlardan ham yuzdan ziyod bemorlar kelib, Respublika ixtisoslashgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand mintaqaviy filialida davolanib ketishdi.
Bugungi kunda mintaqaviy filialning 262 oʻrinli 13 ta boʻlimida 92 nafar malakali shifokor, 209 nafar hamshira va 181 nafar kichik tibbiy xodim aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Shifokorlarning 17 nafari chet eldagi nufuzli klinikalarda, 21 nafari esa Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot va respublika Milliy tibbiyot markazlarida malaka oshirib kelishdi. Oʻtgan yili xorij klinikalarning 5 nafar olim va professorlari kelib markaz mutaxassislar uchun “master klass” amaliyoti va mahorat darslari oʻtkazdi. Turkiya, Belarus va Rossiya davlatlaridagi taniqli klinikalar bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha memorandumlar imzolangan.

— Joriy yildan boshlab muassasamizda ilk bora 24 soatlik tez tibbiy yordam koʻrsatish xizmati tashkil etildi, — deydi maslahat poliklinika va diagnostika boʻlimi boshligʻi Jahongir Sanaqulov. — Endi yurak-qon tomir kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlarni toʻgʻridan-toʻgʻri markazimizga olib kelish mumkin boʻlyapti. Bemorlarga 3 kun davomida bepul diagnostika va davolash xizmatlari koʻrsatiladi.
Shuningdek, markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida oʻtgan yili UTT, exokardiografiya, EKG, “Xolter” uskunasi, vaqtinchalik tashqi kardiostimulyator kabi 100 ga yaqin zamonaviy uskunalar olib kelindi.

Yaratilgan sharoit va malakali mutaxassislarning samarali mehnati oʻlaroq 2024-yilda markazda davolangan 12488 nafar bemorning 8670 nafarida yuqori texnologik, 7700 nafarida endovaskulyar, 5145 nafarida esa koronagrafiya, 1544 nafarida qon tomirlarini stentlash amaliyotlari oʻtkazildi. Shuningdek, markazda 10 dan ortiq oʻta murakkab jarrohlik amaliyotlari ilk bor amalga oshirildi. Jumladan, “krioablatsiya” amaliyoti turkiyalik malakali mutaxassislar hamkorligida respublika miqyosida birinchilar qatorida oʻtkazildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring