Samarqandda kulolchilik markazi tashkil etiladi

11:18 29 Oktyabr 2021 Jamiyat
2480 0

Foto: Халқ сўзи

Yurtimizda milliy hunarmandchilik turlaridan biri - kulolchilik uch ming yildan ziyod tarixga ega boʻlib, avlodlar osha ardoqlanib, sayqallanib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 23-martda qabul qilingan “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori esa bu sohada yangi imkoniyatlar eshini ochdi. Jumladan, kulolchilik yoʻnalishida zarur xom ashyo bazasini yaratish, kulollarga yer maydonlari va binolar ajratish, asbob-uskuna va jihozlar bilan taʼminlash, qulay shartlarda kreditlar berish, hududlarda oʻziga xos kulolchilik anʼanalarini tiklash maqsadida ixtisoslashgan markazlar va galereyalar tashkil etish kabi masalalar ustuvorlik kasb etmoqda.

- Kulollarimiz uchun eng asosiy mahsulot - bu gil, yaʼni soz tuproq, - deydi “Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyat boshqarmasi rahbari Umid Hakimov. - Qarorda kulolchilikda ishlatiladigan tuproq turlari zahiralari mavjud yerlarning manzilli roʻyxati shakllantirilishi ham aytilgan. Viloyatimiz shahar va tumanlarida kulolchilikda foydalaniladigan yerlar koʻp. Uyushmamiz tomonidan “Samarqand geologiya” aksiyadorlik jamiyatiga Samarqand tumanidagi Xojigaydish konidan 2 gektar hamda Choʻpon ota maskanida joylashgan “Konigil” hududidan 5 gektar yer foydalanish uchun ajratilishi taklifini berdik. Hozirda kulollarimiz tomonidan asosiy tuproq Konigil maskanidan olinadi.

Aytish kerakki, viloyatda faoliyat yuritayotgan 59 nafar kulolning yana muammolaridan biri bobomeros hunarni oʻrgatish uchun maxsus joyning yoʻqligida edi. Chunki ularning aksariyati oʻz xonadonida faoliyat yuritadi.

Shunga koʻra Samarqand shahridagi Obi Rahmat mahallasi, “Afrosiyob” xarobalari yon tomoni, Siyob kanalining oʻng yoqasidan belgilangan loyihaga asosan kulolchilik markazi qurish uchun 5 ming kvadrat metr yer maydoni ajratildi. Kulolchilik markazining qurilish ishlarini yakunlash 2022-yil apreliga qadar yakunlash moʻljallanmoqda.

Darvoqe, viloyatning olis hududlarida ham kulolchilik markazlari tashkil etish rejalashtirilgan. Xususan, kelasi yili Kattaqoʻrgʻon shahridagi Gʻarb masjid mahallasi hududidan “Hunarmandlar markazi” binosini qurish ishlari boshlanadi.

Samarqand viloyatida kulolchilik sir-asrorlarini chuqur oʻzlashtirgan ustalar koʻp. Oʻzbekiston xalq ustasi Xolmahmat Ismatullayev, akademik kulollar - Sharif Azimov, Xudoyberdi Haqberdiyev, Samarqand kulolchilik sanʼatiga katta hissa qoʻshib kelayotgan Haydar Botirov, Noʻmon Obloqulov, Dilorom Muxtorova kabi mohir qoʻl egalari oʻziga xos kulolchilik maktabini yaratgan, oʻnlab shogirdlar tayyorlagan.

Kelgusida kulolchilik markazlarining tashkil etilishi usta-kulollarimizning yoshlarga hunar sirlarini oʻrgatish, chet ellik va mahalliy sayyohlarga master-klasslar tashkil etish imkoniyatini ham kengaytiradi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер