Samarqandda “Konstitutsiya oʻzimizniki” targʻibot tadbirlari boʻlib oʻtmoqda

18:49 29 Mart 2023 Siyosat
2173 0

Foto: Халқ сўзи

Aprel oyidagi referendum arafasida Oʻzbekiston hududlarida “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya oʻzimizniki” shiori ostida targʻibot tadbirlari, konsert dasturlari oʻtkazilmoqda. Xuddi shunday tadbir Jomboy tumanidagi “JV MAN AUTO UZBEKISTAN” Oʻzbekiston-Germaniya qoʻshma korxonasida ham boʻlib oʻtdi.

Unda estrada yulduzlari, sportchilar, davlat idoralari vakillari, tadbirkorlar, yoshlardan iborat minglab faollar ishtirok etdi.

Foto: Халқ сўзи

Tadbirda soʻzga chiqqan turli kasb vakillari Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritib, shu yil 30-aprelda oʻtkaziladigan referendumga befarq boʻlmaslikka chaqirdi.

— Soʻnggi yillarda tadbirkorlikka yengilliklar berilgani, konvertatsiya muammosi hal etilgani natijasida investorlarni jalb qilish imkoniyati kengaydi, — deydi Samarqand shahar “MAROQAND GROUR» masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi Xurshid Toʻrayev. — Buning natijasida biz tadbirkorlar uchun faoliyatimizni yanada kengaytirib, yangi-yangi ish oʻrinlari ochish imkoniyati paydo boʻlyapti. 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan referendumda 3000 kishilik jamoamiz bilan faol ishtirok etamiz.

Foto: Халқ сўзи

Samarqand shahridagi pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazida ham “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya oʻzimizniki” shior ostida targʻibot tadbiri oʻtkazildi.

Unda viloyatdagi umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻqituvchilari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbirda Konstitutsiyaga kiritilishi rejalashtirilgan oʻzgartishlar, yangilanayotgan Bosh Qomusimizning mamlakat taraqqiyotida tutgan oʻrni hamda referendum oʻtkazish tartibi haqida soʻz bordi.

Foto: Халқ сўзи

Taʼkidlash joiz, yangilanayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyiha matnining 50- va 52-moddalarida maktab va maktabgacha taʼlimni rivojlantirish boʻyicha qator huquqiy asoslar keltirib oʻtilgan.

— Yaqin yillargacha oʻqituvchilar majburiy mehnatga jalb qilinar, taʼlim jarayonlari qolib, hisobotlar tayyorlashga, turli qogʻozbozliklarga koʻmib tashlangan edi, — deydi toyloqlik oʻqituvchi Yulduz Abdurahmonova. — Yangilanayotgan Konstitutsiyada esa oʻqituvchining maqomini oshirish, haq-huquqlarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani kasbga boʻlgan mehrimizni oshirdi.

Foto: Халқ сўзи

Respublika targʻibot guruhi tomonidan Samarqanddagi Ipak yoʻli xalqaro turizm universitetida ham “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya oʻzimizniki” shiori ostida kutilayotgan Yangi Konstitutsiya referendumida faol boʻlishga chorlovchi madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbirlar davomida elimiz suygan sanʼatkorlarning chiqishlari ishtirokchilarga zavq bagʻishladi.

Targʻibot tadbirlari davom etmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер