Samarqandda Imom Buxoriyning arab va indonez tillarida chop etilgan “Al-Jomeʼ as-sahih” asari taqdimoti boʻlib oʻtdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining arab va indonez tillaridagi uch jildlik kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari Muzaffar Komilov, Xayriddin Sultonov, Madaniy meros agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Tursunali Qoʻziyev, markazning ilmiy xodimlari, Imom Buxoriy stipendiyasining xorijlik sovrindorlari hamda Samarqand viloyati ilmiy jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Markaz direktori Shovosil Ziyodov ushbu amalga oshirilayotgan ishlar va qoʻlga kiritilgan ilmiy yutuqlar haqida maʼlumot berdi.
—Keyingi yillarda Imom Buxoriy ilmiy merosini oʻrganish va keng targʻib etish borasida erishilgan natijalar hamda ushbu yoʻnalishda koʻplab davlatlar ilmiy muassasalari bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani quvonarlidir, — deydi markaz direktori Shovosil Ziyodov. – Ayni jarayonda Imom Buxoriy majmuasi zamonaviy mezonlar asosida rekonstruksiya qilinayotgani eʼtiborga sazovordir.
Islom olamida gʻoyatda muhim va qadrli manba hisoblanuvchi mazkur kitob taqdimoti dunyo xalqlarining buyuk ajdodimizga hurmat-ehtiromi nechogʻli yuksak ekanidan dalolat beradi.
Taʼkidlanganidek, musulmon dunyosida Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas manba sifatida eʼtirof etilgan “Sahihul Buxoriy” asarining yangi nashri hadislarning notoʻgʻri talqin etilishi, bevosita Imom Buxoriyga nisbatan ilmsizlik va noxolislik bilan bildirilayotgan notoʻgʻri fikrlarga qarshi muhim va asosli ilmiy qoʻllanma boʻladi.
Tantanali tadbirda asarning arab va indonez tillaridagi uch jildli nusxasi BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, Osiyo va Tinch okeani boʻyicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi Armida Alisjabana xonim tomonidan markaz jamoasiga topshirildi.
Aytish joiz, muhaddislar yurti boʻlgan Oʻzbekistondan oʻrta asrlarda 3000 nafardan ziyod muhaddislar yetishib chiqqan. Hadis ilmi tamadduniga oʻzining maʼnaviy merosi bilan beqiyos hissa qoʻshgan allomalar Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Imom Termiziy, Imom Keshiy va boshqa koʻplab muhaddislarni bunga yorqin misol sifatida keltirish mumkin.
Davlatimiz rahbari qarorlari bilan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturudiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Hadis ilmi oliy maktablari tashkil etilib, hadis ilmi tarixi, buyuk muhaddislar hayoti hamda ilmiy merosi keng oʻrganilmoqda. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida buyuk muhaddisning ilmiy merosini oʻrganish va keng tatbiq etish borasida samarali ishlar amalga oshirilyapti.
Imom Buxoriy ijodiy faoliyati davomida tarix, hadis, aqida, tafsir va fiqh yoʻnalishlarida yigirma toʻrtta asar yozgan. Bu asarlari orasida eng mashhur asari “Sahihul Buxoriy” nomi bilan ham mashhur boʻlgan “Al-Jomeʼ as-sahih”dir.
Tadbir ishtirokchilari majmuada tashkil etilgan muzey va undagi eksponatlar bilan yaqindan tanishib, markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, ilmiy-amaliy hamkorlik koʻlamini yanada yaxshilash boʻyicha zaruriy tavsiyalar berishdi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring