Samarqandda hisobchi korxonaning 6,4 mlrd soʻmini qimorda yutqazib qoʻydi
Illyustrativ foto
Samarqand viloyatida korxonalardan birining hisobchisi katta miqdordagi pulni qimorga tikib yubordi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, departamentning Samarqand shahar boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish maqsadida oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida “Ph.l.” korxonasida hisobchi boʻlib ishlagan B.M. ushlangan.
Aniqlanishicha, u bank elektron kalitlaridan foydalanib, MChJning 6,4 milliard soʻm mablagʻini soxta maʼlumotlarni rasmiylashtirish orqali oʻzining nomiga ochilgan plastik kartalarga oʻtkazib olishga erishib, ushbu mablagʻlarni internet tarmoqlaridagi qimor oʻyinlarida yutqazib, talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring