Samarqandda eng yaxshi boshqaruv servis kompaniyasi aniqlandi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatishni yaxshilash, boshqaruv organlarining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ularning ilgʻor ish tajribasini ommalashtirish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi koʻp kvartirali uyni boshqarish organi” respublika koʻrik-tanlovining hududiy bosqichlari oʻtkazilmoqda.

Bugungi kunda Samarqand viloyatida 60 dan ortiq boshqaruv organi faoliyat yuritayotgan boʻlsa, shundan 15 tasi tanlovning birinchi bosqichida ishtirok etdi. Ular orasidan eng yuqori natijaga erishgan 7 ta boshqaruv servis kompaniyasi keyingi bosqichga yoʻl oldi.

Ushbu tanlovning viloyat bosqichida boshqaruv organlari oʻzlarining ishchi-xodimlari, moddiy-texnik bazalari bilan qatnashdi. Tanlov komissiyasi aʼzolari tomonidan ishtirokchilarni baholashda boshqaruv organlarining zamonaviy talablarga qanchalik javob berishi, koʻp qavatli uylarning texnik holati, boshqaruv servis kompaniyasi tarkibidagi ishchi-xodimlar shayligi hamda qonunchilik hujjatlaridan qanchalik xabardorligi kabi mezonlar inobatga olindi. Shuningdek, boshqaruv organlari toʻgʻrisida aholining fikri va bahosi hal qiluvchi ovozga ega boʻldi.

Yakuniy natijaga koʻra, tanlovning respublika bosqichiga yoʻllanmani Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “Boʻstonsaroy kommunal” boshqaruv servis kompaniyasi qoʻlga kiritdi. Tanlovning viloyat bosqichi gʻolibiga Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasining maxsus diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring