Samarqandda elektrotexnika sanoati rivojlanmoqda

15:03 23 Yanvar 2023 Jamiyat
507 0

Foto: Xalq so‘zi

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi davrda iqtisodiyotimizning muhim yoʻnalishi boʻlgan elektrotexnika sanoatida istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan, Samarqand viloyatida 2022-yilda mazkur yoʻnalishda qiymati 459 milliard soʻmdan ortiq 16 ta loyiha ishga tushirildi va mingga yaqin ish oʻrinlari yaratildi. Buning evaziga elektrotexnika mahsulotlari turi hamda eksport geografiyasi ortdi.

Samarqand shahridagi «Elxolding» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi viloyatdagi yirik ishlab chiqarish quvvatlardan biri sanaladi. Zamonaviy elektrodvigatelli yuk mototsikllari, qishloq xoʻjaligi texnikalari hamda import oʻrnini bosuvchi innovatsion oʻquv-laboratoriya jihozlari ishlab chiqaruvchi korxona oʻtgan yili qariyb 2 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarni oʻnga yaqin davlatlarga eksport qildi. Joriy yilda esa korxonada 115 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarish maqsad qilingan.

2022-yilda korxona sexlarini texnik modernizatsiya qilish mahsulot ishlab chiqarish turi va hajmini oshirish imkonini berdi. Masalan, shu vaqtga qadar korxonada uch turdagi elektrodvigatelli yuk mototsikllari hamda avtomobil tirkamalari ishlab chiqarilayotgan boʻlsa, yangi ishlab chiqarish liniyalarining ishga tushishi bilan elektrodvigatelli yuk mototsikllari turi 6 ta yetdi.

— Joriy yilda 300 ta ana shunday yuk mototsikllari ishlab chiqarmoqchimiz, — deydi korxona bosh muhandisi Jamshid Pardayev. — Bular bir martalik quvvat bilan 60-70 kilometr yoʻl bosadi. 600 kilogramgacha yuk koʻtara oladi. Bu yil elektrodvigatelli yuk mototsikllarini 50-55 foizgacha mahalliylashtirish rejamiz bor.

Korxonada olib borilayotgan iqtisodiy loyihalarga koʻra, modernizatsiya qilish ishlari hozirda ham jadal olib borilmoqda. Energotejamkor, zamonaviy uskunalar yordamida bugungi kunda 0,5 millimetrdan 70 millimetrgacha boʻlgan qalinlikdagi metallarni kesish, ularga turli shakllar berish jarayonlari amalga oshirilyapti. Yaqin kunlarda korxonada poroshokli boʻyoqlash sexi ham ishga tushiriladi.

— Biz shu paytgacha presforma shtamplarni Turkiya va Xitoydan olib kelar edik, — deya davom etadi J. Pardayev. — Mazkur sexni fevral oyi oxirida ishga tushirish moʻljallanyapti.

Darvoqe, korxonada universal ekish seyalkalari, kultivatorlar ham ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari kooperatsiya asosida Samarqand viloyatida joylashgan avtomobil korxonalari uchun butlovchi detallar, ehtiyot qismlar tayyorlanib, yetkazib berilyapti.

Albatta, bu viloyatdagi korxonalar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan birga mahalliylashtirish darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер