Samarqandda birinchi xususiy universitet ochildi

15:10 31 Avgust 2022 Jamiyat
4408 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqandda ilk xususiy oliy taʼlim muassasasi — Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ochildi.

Yangi oʻquv yilidan Samarqand xalqaro texnologiya universitetida talabgorlar tayyorlov kurslarida oʻqitiladi. Kelasi yildan muhandislik boʻyicha talabalar oʻqishga qabul qilinadi.

Xususiy universitet uchun Samarqand shahridan 6 gektar yer ajratilgan boʻlib, kelasi yilgacha u yerda oʻquv binosi, talabalar turar joyi, laboratoriya, xorijiy oʻqituvchilar uchun turarjoy, sport zal, kutubxona qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

— Universitetimiz binolari bitgach, Samarqandda birinchi kampus boʻladi, — deydi universitet rektori Yusuf Abdullayev. — Biz yuqori malakali, jahon talablari darajasidagi muhandis kadrlarni tayyorlashni oʻz oldimizga qatʼiy maqsad qilib qoʻydik. Son emas, sifat uchun kurashamiz. Universitetimizda xorijiy professor-oʻqituvchilar talabalarga dars beradi. Darslar xorijiy dasturlar boʻyicha ingliz tilida olib boriladi. Mahalliy oʻqituvchilarning ham xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻqib, ilmiy ish qilganlarini jamoaga oldik. Xalqaro universitet boʻlgani uchun biz narxlarni oʻrtacha belgilayapmiz. Yaʼni talabalar 4 ming dollar atrofida kontrakt puli toʻlaydi. Bu turdosh xorijiy universitetlar bilan solishtirganda ancha arzondir.

Hozircha universitet Samarqand transport texnikumi binosida faoliyat yuritmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер