Samarqandda 1-chorakda 282 ta korxona eksportyor boʻldi

19:59 17 Aprel 2020 Iqtisodiyot
909 0

Samarqand viloyatida 2020-yilning birinchi choragida 282 ta korxona tomonidan 93 739 ming AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirildi. Ushbu mahsulotlarning asosiy qismini 294 xil turdagi sanoat mahsulotlari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tashkil qildi. Eksport geografiyasi Rossiya, Ozarbayjon, Xitoy, Misr, AQSH, Polsha, Gruziya, BAA va boshqa shu kabi 46 davlatlarni tashkil etdi. Joriy yilning yakuniga qadar eksport geografiyasini kengaytirish va eksport qilinadigan mahsulotlar sonini koʻpaytirish rejalashtirilgan.

Hududiy eksport prognoziga muvofiq birgina Samarqand shahrida 2020-yilda jami 101 million 663 ming dollarlik mahsulotlarni eksportga yoʻnaltirish belgilangan.Eksport rejasining 76 million 250 ming dollari sanoat va 25 million 413 ming dollari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashkil etadi.

Joriy yilning yanvar-mart oylari rejasiga muvofiq 39 ta korxona tomonidan 19 million 134 ming dollarlik eksport amalga oshirilishi belgilangan boʻlib, haqiqatda 56 ta korxona tomonidan 17 million 445 ming dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.

Jumladan, sanoat mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha 28 ta korxonaga belgilangan 14 million 480 ming dollarlik prognoz haqiqatda 38 ta korxona tomonidan 14 million 461,5 ming dollarga yoki I chorak prognoziga nisbatan 99,9 foizga bajarildi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha 11 ta korxonaga belgilangan 4 million 654 ming dollarlik prognoz ijrosi haqiqatda 17 ta korxona tomonidan 2 million 983,4 ming dollarni tashkil etmoqda.

Joriy yilning yanvar-mart oylarida 24 ta rejadan tashqari yangi korxonalar eksport faoliyatiga jalb qilinib, ularning eksport hajmi 1,4 million dollarni tashkil etdi. Shundan, sanoat mahsulotlari yoʻnalishida 14 ta yangi korxona tomonidan 578 ming dollarlik, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti yoʻnalishida esa 10 ta yangi korxona tomonidan 834 ming dollarlik eksport amalga oshirildi.

Eksport geografiyasi dunyoning 34 ta davlatini qamrab olib, joriy yil hisobidan 3 taga, yaʼni Avstriya, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni davlatlari bilan kengaytirildi. Eksportga yoʻnaltiriladigan mahsulotlar turi oʻtgan yilgi 28 tadan joriy yilda 32 taga oshdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер