Samarqand viloyatida eksport salohiyati yuksalmoqda
Samarqand viloyatida 70 dan ortiq xorijdagi mamlakatlar bilan esport-import shartnomalari imzolangan. Eʼtiborli jihati shundaki, ayni qish oylarida ham viloyatdan koʻpgina qishloq xoʻjalik mahsulotlari eksportga chiqarilmoqda.
Shunday eksportchilardan biri — Samarqand tumanidagi “Ansorjon agro saxovati” fermer xoʻjaligi Rossiya Federatsiyasidagi hamkorlar bilan tuzilgan shartnoma asosida qishin-yozin sabzavot mahsulotlarini eksportga chiqarmoqda. Shu kunlarda ham mazkur eksportchi korxona omborxonasida 200 tonna uzum, 100 tonna xurmo va 100 tonna limon mahsulotlari eksport uchun tayyor turibdi. Shu tumandagi “Ventum qurilish” MCHJ ga qarashli issiqxonada ham pomidor eksportga joʻnatilmoqda.

Viloyatda 284 gektar maydonda issiqxona tashkil etilgan. Ulardan 425 tonna pomidor 323 tonna bodring, 41 tonna bulgʻor qalampiri, 7 tonna koʻkat, 206 tonna limon hamda 80 tonna boshqa turdagi mahsulot olish moʻljallangan.
— Bu mahsulotlar belgilangan tartibda karantin nazoratidan oʻtkaziladi hamda oʻsimliklar karantini obyektlaridan holi ekanligi aniqlangan taqdirdagina ichki fitosanitar sertifikati orqali eksportga yoʻnaltiriladi, — deydi Samarqand viloyat Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshligʻi Shomurod Oʻrazov. — Bugungi kunda oʻsimliklar karantini tuman boʻlimlari inspektorlari tomonidan issiqxonalarda yetishtiriladigan pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, sitrus oʻsimliklar va boshqa qishloq xoʻjalik ekinlarining navlari, agrotexnikasi va karantin kasalliklari, zararkunanda hasharotlarga qarshi kurash metodikasi tadbirkorlarga atroflicha tushuntirilmoqda.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring