Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar va fuqarolar murojaatlari ijrosi oʻrganildi

11:29 15 Aprel 2026 Siyosat
161 0

Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Bahrom Abdullayev Samarqand viloyatiga xizmat safari doirasida Narpay tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdi.

Dastlab senator xalq deputatlari Narpay tumani Kengashi kotibiyatida boʻlib, deputatlarning hududlarda olib borayotgan ishlari, aholi bilan muloqotlari hamda erishilayotgan natijalar yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Hududda kuzatilayotgan ijobiy oʻzgarishlar alohida eʼtirof etildi.

Mahallalardagi muammolarni aniqlash va ularni tizimli bartaraf etishga qaratilgan “Narpay namunasi”ga yuqori baho berilib, ushbu ilgʻor tajribani respublikaning boshqa hududlarida ham keng joriy etish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, ijtimoiy soha, xususan taʼlim tizimidagi islohotlar bilan tanishish maqsadida tumandagi 69-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi hamda 2-son texnikum faoliyati oʻrganildi. Taʼlim jarayonining sifati, pedagog kadrlar salohiyati, oʻquvchilarning bilim darajasi hamda mavjud muammolar joyida tahlil qilindi.

Uchrashuvlar davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, qabul qilinayotgan qonunlar, Prezident farmon va qarorlari hamda Senat tomonidan qabul qilingan hujjatlarning mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Xususan, Senatning 14-yalpi majlisida qabul qilingan muhim qonunlar haqida ham maʼlumot berildi.

Shu bilan birga, Qoʻshrabot tumani “Qiyqim” MFYda yashovchi fuqaro X. Xatamovning Senatga yoʻllagan murojaati viloyat tashkilotlari masʼullari ishtirokida joyiga chiqqan holda oʻrganilib, mazkur masala yuzasidan ishchi guruh tuzildi hamda viloyat hokimligi, kadastr, prokuratura, adliya organlari va xalq deputatlari viloyat Kengashi vakillari ishtirokida muhokama qilindi.

Muhokama yakunlariga koʻra ishchi guruhga joriy yilning 17-apreliga qadar oʻrganishlarni yakunlab, asoslantirilgan taklif va xulosalarni taqdim etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?