Samarqand davlat tibbiyot universitetida tibbiyot oliygohlari talabalarining IV Xalqaro olimpiadasi boʻlib oʻtdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Samarqand davlat tibbiyot universiteti (SamDU)da anʼanaga aylanib ulgurgan “Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining IV Xalqaro olimpiadasi boʻlib oʻtdi.
Bilimlar bellashuvida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Belarus, Ukraina kabi jahonning oʻnga yaqin davlatlaridagi 84 ta tibbiyot oliygohlaridan 670 nafar talaba offline va 4141 nafari esa online tarzda oʻz imkoniyatini sinab koʻrdi. Shuningdek, olimpiadada xorijiy tibbiyot muassasalari rektorlari hamda 80 nafarga yaqin professor-oʻqituvchilar ishtirok etdi.
Olimpiadaning tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev toʻrtinchi bor tashkil etilgan mazkur nufuzli musobaqa nafaqat talabalar va yosh tadqiqotchilarning bilim va malakalarini sinovdan oʻtkazish va ularni munosib taqdirlashga balki, xalqaro doʻstona munosabatlarning yanada mustahkamlanishi hamda tibbiyot sohasida jahonning bir qator mamlakatlari bilan yangidan yangi hamkorlik aloqalarining oʻrnatilishiga zamin yaratishini taʼkidlab, barcha olimpiada ishtirokchilariga omad tiladi.
Olimpiada doirasida bir guruh xorijiy davlat oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilariga SamDTU rektori Jasur Rizayev tomonidan universitetning “Samarqand davlat tibbiyot universiteti faxriy professori” unvoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tashakkurnomalari topshirildi.
Jumladan, Belarusning Vitebsk davlat tibbiyot universiteti rektori Chukanov Aleksey Nikolayevichga “Samarqand davlat tibbiyot universiteti faxriy professori” unvoni, Sankt-Peterburg Sogʻliqni saqlash qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Tereshin Aleksey Yevgenevich va Turkiya Sogʻliq bilimlari universiteti rektori Kamalettin Aydinga Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi tashakkurnomalari topshirildi.
Shuningdek, SamDTU talabalari uchun chet ellik va respublikamizning yetakchi mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari va boshqa dolzarb masalalarga bagʻishlangan oʻttizga yaqin master-klasslar, bakalavr, magistr hamda klinik ordinatorlar uchun xorijiy tibbiy OTMlari rektorlarining maʼruzalari ham tashkil etildi.
“Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining IV-Xalqaro olimpiadasida ishtirok etuvchilar ikki bosqichda, test sinovlari va amaliy koʻnikmalarini namoyish etish orqali bellashadilar. Shu bilan bir qatorda anʼanaviy tarzda qatnashayotgan 670 nafar talaba oʻz amaliy bilimlarning jahon standartlari talablariga javob beruvchi 7-avlod simuliatsion robotlari orqali sinovdan oʻtkazdilar. Olimpiada oʻz ishini oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib bordi.
Shuningdek, ilk bor Oʻzbekistonning Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi va xorijiy tibbiyot kollejlarining oʻquvchilari oʻrasida xalqaro olimpiada tashkil qilindi.
Yakunda gʻolib va sovrindorlar, faol ishtirok etgan va nominatsiya boʻyicha gʻoliblar, deb topilgan ishtirokchilar diplom, sertifikat hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring