Samaradorlikda muqobili yoʻq muqobil energiya

12:23 12 Yanvar 2023 Jamiyat
678 0

Foto: Xalq so‘zi

Ob-havoning keskin sovushi, toʻrt kundirki, kattayu kichik davralarning bosh mavzusiga aylangan. Ijtimoiy tarmoqlar, ayrim “vatanparvar va xalqparvar” blogerlarniku qoʻyavering, sovuqning xabarini eshitishlari bilan bong urishni boshlashgan edi. «Kuz oʻtib, qish kelishini bilmasmidingiz», degan malomatlar hali-beri tinmasa kerak.

Xullas, bugun tabiat mintaqamiz uchun noanʼanaviy boʻlgan iqlim haftasi bilan anʼanaviy energiya manbalarimiz imkoniyatlariga koʻzgu tutdi. Tabiiy energiya resurslari hadsiz emasligi, undan betejam foydalanish qanday oqibatlarga olib kelishi, muqobil energiya manbalariga oʻtish fursati yetganligini eslatib qoʻydi.

Mamlakatimizda yilning 300 kuni quyoshli boʻlib, u suvning tabiatda aylanishi, shamol kabi jarayonlarning manbai hisoblanadi. Bir soʻz bilan aytganda, quyosh elektr energiyasi ishlab chiqarishda neft, koʻmir va gaz resurslarining muqobili hisoblanadi. Undan samarali foydalanish va koʻlamini oshirish maqsadida respublikamizda 2019-yil 21-mayda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida” Qonun, oʻsha yilning 22-avgustida Prezidentimizning “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, soha rivojiga huquqiy asos yaratildi. Xorijiy investorlar jalb etilib, koʻplab istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi.

Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi umumiy qiymati 110 million dollarlik, 100 megavatt quvatga ega quyosh fotoelektr stanitsiyasi shulardan biri boʻlib, uning faoliyat boshlashi yiliga 79 million kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish imkonini yuzaga keltirdi. 264 gektar yer maydonini egallagan stansiyada yiliga 260 million kvt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Yaqin istiqbolda esa kuni kecha qurish loyihasi PFI Awards tomonidan Markaziy Osiyoda yilning eng yaxshi bitimi deb topilgan Zarafshon shahridagi 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi ham uning qatoriga qoʻshiladi. Elektr stansiyasi ishga tushirilgach, yiliga 545 million kub metr tabiiy gaz tejaladi va karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 million tonnaga kamaytirib, yiliga 500 ming xonadonning isteʼmoliga teng boʻlgan 1,6 milliard kvt/soat elektr ishlab chiqarishni taʼminlaydi. Viloyatning Nurota, Konimex, Qiziltepa tumanlarida mazkur yoʻnalishlarda ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.

Mazkur yirik elektr stansiyalari bilan birga Navoiy viloyatida korxonalar va ijtimoiy soha obyektlarida ham muqobil energiya manbalarini oʻrnatishning 2022 - 2023-yillarga moʻljallangan dasturi ishlab chiqilib, unga koʻra jami 1 ming 725 ta subyekt beminnat energiya manbaidan foydalanishga oʻtkaziladi. Birgina oʻtgan yili 154 ta obyektning muqobil energiya manbalaridan foydalanishi oyiga oʻrtacha 233 ming kilovatt soat elektr energiyasi tejalishiga olib keldi.

— Korxonamiz maʼmuriy binosiga 50 kilovattlik quyosh elektr panellarining oʻrnatilishi umumiy ehtiyojimizning 70 foizini qanoatlantirmoqda, — deydi “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ muhandisi Narzibek Hayitov. — Natijada oyiga 8 ming 400 yoki yiliga 101 ming kvt/soat elektr energiyasini tejab, ortiqcha ishlab chiqarilgan quvvat tarmoqlarga tarqatilmoqda.

Viloyatda bugun «Qizilqumsement» AJ maʼmuriy binosi, viloyat hokimligi, ikkita oliy taʼlim muassasasining oʻquv binolari va talabalar turar-joylari, oʻnlab maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalari, katta-kichik shifo maskanlari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla”dasturlari asosida yangicha qiyofa kasb etgan hududlarning koʻcha yoritgichlari muqobil elektr manbaiga oʻtkazildi.

— Yigirma besh yildirki, tadbirkorlik bilan shugʻullanaman, — deydi Navoiy shahridan Nigora Roʻziyeva. — Avtoservisim bor. Quyosh panellari oʻrnatilgach, butunlay elektr tarmoqlaridan uzildik. Ilgari elektr energiyasi isteʼmoli uchun har oyda 350-400 ming soʻm pul toʻlagan boʻlsam, endilikda oʻn yil yer va mol-mulk soligʻidan ozod etilganman.

Muqobil energiyaning iqtisodiy samaradorligini viloyat soliq boshqarmasi mutasaddilari soddagina ifodalab berishdi. Boshqarma maʼmuriy binosiga oʻtgan yili 460 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, 40 kilovattlik quyosh panelli elektr energiyasi manbai oʻrnatilgan.

— Ushbu manba yordamida kuniga 500 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarilib, shundan 350 kilovatti boshqarma ehtiyojlari uchun ishlatilmoqda. Ortgan 150 kilovattini elektr tarmoqlariga sotib, kechki payt 50 kilovatt elektr energiyasi sotib olamiz, — deydi viloyat DSB xodimi Nurbek Safarov. — Natijada ilgari bir oyda qariyb 6 million soʻmga elektr energiyasi sotib olgan boʻlsak, quyosh panellari tufayli bugungi kunda oyiga 150 ming soʻm daromad olyapmiz. Eng muhimi, yagona energiya tizimiga 12 ming 400 kilovatt soat elektr energiyasini tejash bilan oʻz hissamizni qoʻshmoqdamiz.

Endi soʻzimiz boshidagi mulohazalarga qaytsak. Koʻrinib turibdiki, mamlakatimizda aholi, korxona va tashkilotlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlashning istiqbolli loyihalari amalga oshirilib, bunda bitmas-tuganmas energiya manbaidan foydalanish ustuvor etib belgilangan. Global miqyosda olganda, bu kuz oʻtib qishni oʻylashgina emas, balki tobora zaxirasi kamayib ketayotgan anʼanaviy energiya resurslari inqiroziga oldindan tayyorgarlikdir. Qolaversa, yashil energetika mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojini jadallashtirishi barobarida atrof-muhit muhofazasi yoʻlida jiddiy qadam hisoblanadi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер